09:30 / 14.08.2020
13837

«Suv kelishini kutib, uxlamay o‘tiramiz» - Toshkent tumanidagi uzoq yillik ichimlik suvi muammosi

Suv – hayot manbayi. Bu isbot talab qilmaydigan haqiqat. Shu bilan birga, toza ichimlik suvi muammosi Toshkent viloyatining qator tumanlarida dolzarbligicha qolayotgan masalalardan biridir.

Toshkent tumani Zabardast mahallasida istiqomat qilib kelayotgan fuqarolar ham ichimlik suvi yetib kelmayotgani, mutasaddi idoralarga qilinayotgan murojaatlar esa natijasiz qolayotganini bildirishdi.

«Bu yerda 20-25 yildan buyon yashab kelayotgan fuqarolar ham bor. Biz ham yaxshi niyat bilan Toshkentning eski shahar qismidan bu yerga o‘tgan yili ko‘chib kelgan edik. Sentyabrda ko‘chib kelgan bo‘lsam, dekabrda saylov arafasida 2-3 kun suv bo‘lgan. Xarid qilayotganimda 3 oy yozda suv bilan muammo bo‘lishini, yilning qolgan 9 oyida suv bo‘lishini aytishgandi. Biroq, kelganimdan beri suv yo‘q. Bugungi kunda 20-30 qavatli uylar qurilyapti, ularga suv chiqarish imkoni bor, nega bu yerda yo‘q? Ichimlik suvi bo‘lsa, shahardan qolishmaydigan joy», – deydi mahalla fuqarosi Malika Qosimova.

Uning so‘zlariga ko‘ra, «Suvsoz» DUK va «Musaffo obi hayot» MChJ Zabardast 6-12 ko‘chalari fuqarolariga hashar yo‘li bilan suv o‘tkazib berish mumkinligini aytishgan. Shundan so‘ng, Oltintepadan Zabardast 1-5-ko‘chalarga alohida quvur tortilib, Zabardast 6-12 ko‘chalarga ichimlik suv keltiruvchi quvur hashar yo‘li bilan yotqizilgan. Buning uchun alohida pul yig‘ilib, ishchilar xizmat haqi ham shu mablag‘ hisobidan ado etilgan. Shu maqsadda tarmoq ikkiga ajratilib, maxsus burama ham o‘rnatilgan. Biroq, «aholi xursandchiligi uzoqqa cho‘zilmadi, suv atigi bir kun, 17 mayda berildi, xolos», – deydi murojaatchi.

Zabardast 1-5-ko‘chalar hamda 6-12-ko‘chalarga hafta kunlari taqsimlangan bo‘lib, chorshanba kuni 1-5-ko‘chalarga, 6-12-ko‘chalarga yakshanba kuni 24 soat mobaynida suv yetkazib berilishi kerak. Ammo, muammoning mag‘zi mana shu yerda. Yakshanba kuni 6-12-ko‘chalarda istiqomat qiluvchilarga suv yetib kelmaydi.

«Kelsa ham yarim tun soat 1:00dan keyin yetib keladi, biz idishlarni suvga to‘ldirib olish uchun suv kelishini uxlamay kutishimiz kerak bo‘lmoqda», – deyishdi fuqarolar.

«15 yildan beri suv muammosi. Portalga murojaat qildik, «Musaffo obi hayot»ga yozdik, natija yo‘q. Keladi, bir qog‘ozni to‘ldirib ketadi. Rasmga olib ketadi. Alam qiladi-da odamga. Shundoq yonginamizdagi ko‘chalarda bor, bizda yo‘q. Bizga ular yetarli bosimda suv haydamayapti», – deya yozg‘iradi onaxon.

Muammo sababi nima ekaniga oydinlik kiritish maqsadida Oltintepa mahallasida joylashgan «Suvsoz» DUK va «Musaffo obi hayot» MChJ idorasiga bordik hamda mutasaddilar izohini so‘radik.

Dastavval, MChJ texnik xodimi Ahrorxo‘ja Shamsixo‘jayev muammo mohiyati nimada ekaniga to‘xtaldi.

Ahrorxo‘ja Shamsixo‘jayev

«Ko‘ksaroy hududi Toshkentning yonginasida bo‘lgani bilan suvi miqdori eng kam, suvsizlik ko‘proq bo‘lgan hudud hisoblanadi. Birinchi bosqichda 6-7 yil mobaynida To‘labiy hududi suvdan qiynaldi. Hozir bu yerlar 80 foizga suv bilan ta'minlandi», – deydi Shamsixo‘jayev.

Uning aytishicha, 10-issiqxonadan yoz mavsumida Ko‘ksaroyning Oltintepa, Shamsiobod, Beshterak va Qo‘hinur mahallalariga ichimlik suvi ta'minotini yaxshilash maqsadida 250 mm.lik quvurlar yotqizilgan. Buning natijasida ichimlik suvi ta'minoti 30-40 foizga yaxshilangan.

Shu bilan birga, Shamsixo‘jayevga ko‘ra, ilgari mazkur hududda ariq suvi ham bo‘lgan, biroq hozirda bu suv yo‘q yoki jadval asosida beriladi. Shuning uchun ham og‘irlik ichimlik suvi tarmog‘iga tushmoqda.

«Shundaylar borki, quvurdan suv berilishi bilan tomorqasini sug‘oradi, katta hajmli idishini suvga to‘ldiradi, u qo‘shnisini o‘ylayotgani yo‘q. 12ta ko‘chada 280 xonadon bor. 1-5-ko‘chalarda 124ta xonadondan 48ta xonadonga suv o‘tmayapti. Qo‘shnilarning jabri tufayli. Boisi, ko‘pchiligi uylariga nasoschalar o‘rnatib olgan», – deya ta'kidlaydi MChJ xodimi.

Qolaversa, hududning tabiiy joylashuvi ham ichimlik suvini yetkazib berishda qiyinchiliklarga sabab bo‘lmoqda. Suv manbayidan aholi turar joylari o‘rtasidagi nishablik 34,5 metrni tashkil etadi. Bugungi kunda ishlayotgan nasoslar eskirgani bois, tuman hokimligi 240 mln so‘m evaziga Germaniyaning Grundfos firmasining nasosini xarid qilish uchun pul mablag‘i yo‘naltirgan. Ushbu nasos o‘rnatilgach, aholini ichimlik suvi bilan ta'minlashda muammo bo‘lmaydi. Tun-u kun suv berish imkoni paydo bo‘ladi.

«1,1 km masofaga 250 mm quvurlar yotqizish ishlari yakunlandi. Nasos o‘rnatilgach, 700 kub metrlik zaxira hovuziga 250 kubgacha yetkazib berilishi ta'minlansa, ikkita nasosda 3 atmosfera bosimida suvni haydash imkoni paydo bo‘ladi. Natijada Zabardastning barcha ko‘chalariga suv yetib boradi. Shuning ustida ish olib borilyapti», – dedi A. Shamsixo‘jayev.

O‘rganishlarimiz chog‘ida ma'lum bo‘lishicha, Toshkent viloyatida ichimlik suvi bilan bog‘liq vaziyatni yaxshilash maqsadida qabul qilingan prezident qarori ijrosi yuzasidan ishlar davom etmoqda. Qibray–Chinoz yo‘nalishida joylashgan 5 tuman: Qibray, Toshkent, Zangiota, Yangiyo‘l va Chinoz tumanlarini ichimlik suvi bilan ta'minlash maqsadida maxsus dastur asosida pul mablag‘lari ajratilgan.

Qayd etish o‘rinliki, Toshkent viloyati tuman va shaharlarini suv ta'minoti va kanalizatsiya tizimining birinchi bosqichi uchun Osiyo taraqqiyot banki jamg‘armasidan 120 mln dollar kredit olingan. Bu borada ishlar boshlab yuborilgan, 2,5 mln kub metr suvni tozalab beradigan korxonalar foydalanishga topshirilishi arafasida.

«Bundan tashqari, Bo‘zsuv kanalidan 10 km.lik tarmoq tortib bo‘lingan. Oltintepa kollejining yonidagi hududga 2000-3000 kub metr sig‘imdagi hovuz barpo qilinmoqda. U kelgusi yil iyun oyida foydalanishga topshirilishi rejalashtirilgan. 250-300 mm.lik quvurda suv haydalsa, 24 soat mobaynida aholiga suv yetkazib beriladi. Ammo, hozirgi sharoitda, nailoj, imkonimiz yo‘q. 20 yil muqaddam 10400 aholi bo‘lgan bo‘lsa, hozirda 34 mingdan ortiq kishi yashaydi», – deydi Shamsixo‘jayev.

Bakirjon Buxorboyev

«Musaffo obi hayot» MChJning Oltintepa bo‘limi boshlig‘i Bakirjon Buxorboyevning so‘zlariga ko‘ra, har bir mahalladagi suvga ehtiyoj bosqichma-bosqich ko‘rib chiqilmoqda.

«Bunday vaziyatdan hokimiyatning ham xabari bor. Hududdagi Ko‘ksaroy, Diydor Chig‘atoy mahallalarida ichimlik suvi bilan muammo yo‘q. Ammo, bir necha yillar avval yotqizilgan quvur hozirgi talabni qondira olmayapti. Yuqori tomonda esa, 4ta mahalla mavjud. Ammo, imkon darajasida transport vositasida suv yetkazib berilmoqda», – deydi Bakirjon Buxorboyev.

Shu o‘rinda, suv chiqmayotgan hududlar aholisining yana bir haqli e'tirozi mavjudki, 5 tonnalik sisternada olib kelingan suv 100-120 ming, ayrim hollarda 150 ming so‘mgacha narxda sotilmoqda. Bu har bir oila budjetidan suv uchun katta mablag‘ni ajratishni talab qiladi.

Bundan tashqari, suv tashish bilan asosan tadbirkorlar shug‘ullanmoqda. Mayli, tadbirkorlar ham suv yetkazib berish bilan shug‘ullanishsin, ammo muqobil yo‘l sifatida «Musaffo obi hayot» MChJ yoxud «Suvsoz» DUKning suv tashuvchi vositalari sonini yangi tarmoq ishga tushguncha ko‘paytirib turish maqsadga muvofiq bo‘lardi, balki.

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top