13:29 / 14.08.2020
4596

Toshkentda o‘g‘irlikda gumonlangan shaxslar ushlandi

Ushbu shaxslar Mirobod tumani IIO FMBga  topshirildi va hozirda ushbu holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda.

2020 yilning 7 avgust kuni Toshkent shahar Mirobod tumani 1-sonli IIBga xizmatga jalb qilingan IIBB PPX brigadasi 2-batalon 3-otryad xodimlari, safdor A.Jo‘rayev va safdor N.Tulenovlar xizmat faoliyatlari davomida tungi soat 03:30larda, davlat raqami bo‘lmagan oq rangli “Spark” rusumli avtoulov haydovchisi va uning oldida bo‘lgan ikki nafar noma'lum shaxs shubha uyg‘otganliklari sababli ushbu avtoulovning ortidan kuzatib borishgan.

So‘ng ushbu avtoulov haydovchisi xodimlarni chalg‘itish maqsadida Mirobod tumanida joylashgan “Furqat” bog‘i qarshisida to‘xtab, mazkur avtoulovda bo‘lgan noma'lum shaxslar oldi o‘rindiqlarni yotqizib go‘yoki o‘zlarini uxlab yotganidek tutgan vaqtlarida, xodimlar avtoulovni oldiga borib mazkur avtoulovda bo‘lgan shaxslardan shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarni so‘rashgan.

Ikki nafar noma'lum shaxs hech qanday hujjatlari yo‘qligini ma'lum qilishib, xodimlarni chalg‘itishga uringanlar va ularni shaxsiga aniqlik kiritish maqsadida Mirobod tumanidagi 141-sonli tayanch punktiga olib borilib, shaxsiga aniqlik kiritilgan.

Ular Toshkent shahar Olmazor tumani istiqomat qiluvchi, 1991 yilda tug‘ilgan A.H. va Andijon viloyati Andijon shaharida istiqomat qiluvchi, 2001 yilda tug‘ilgan A.Q. ekanliklari ma'lum bo‘ldi.  

Olib borilgan profilaktik suhbat jarayonida “Spark” avtoulovi kimga tegishli ekanligi so‘ralgan vaqtida ular ijaraga olib, davlat raqamlarini o‘zboshimchalik bilan yechib olib yurganliklari, shuningdek, suhbat jarayonida mazkur avtoulovda bo‘lgan qurilish ishlarida foydalaniladigan perforator ularga tegishli emasligi ma'lum bo‘ldi.

Mazkur buyumni qayerdan olganliklari so‘ralgan vaqtida Sayxun ko‘chasida qarovsiz qoldirilgan, 1991 yilda tug‘ilgan M.E.ga tegishli bo‘lgan oq rangli “Jyentra” avtoulovining old oyna qismini sindirish yo‘li bilan avtomashina salonida bo‘lgan 500 AQSh dollari, 400.000 so‘mlik braslet va 200.000 so‘mlik tilla uzuk hamda “Redmi-A40” telefon apparatlari yashirin ravishda qo‘lga kiritganliklari ma'lum bo‘ldi. 

Shuningdek, dastlabki hujjatlar rasmiylashtirilib, ushbu shaxslar Mirobod tumani IIO FMBga  topshirildi va hozirda ushbu holat yuzasidan dastlabki surishtiruv ishlari olib borilmoqda

Top