22:13 / 17.08.2020
4780

Trampning saylovchilar orasida reytingi oshgani ma'lum bo‘ldi

Foto: AFP/Nicholas Kamm

AQSh prezidenti Donald Tramp saylovchilar orasida qo‘llab-quvvatlanish reytingida prezident saylovlari bo‘yicha asosiy raqibi Jo Baydendan ortda qolishini qisqartirdi. Bundan CNN telekompaniyasi buyurtmasiga ko‘ra SSRS xizmati 12-15 avgust kunlari o‘tkazgan so‘rovnoma natijalari darak bermoqda

So‘rovnoma telefon orqali o‘tkazilgan va unda mingdan ko‘proq amerikalik ishtirok etgan. Ulardan prezident saylovlari hozir bo‘lib o‘tganda, qaysi siyosatchini qo‘llab-quvvatlashlari so‘ralgan. Aniqlanishicha, Baydenga respondentlarning 50 foizi, Trampga esa 46 foizi ovoz berishga tayyorligini bildirgan. Iyun boshida esa Baydenga 55 foiz respondentlar, Trampga esa 41 foiz respondentlar ovoz berishlarini aytishgandi.

CNN ma'lumotlariga ko‘ra, prezident saylovlari natijalariga eng ko‘p ta'sir ko‘rsatuvchi 15 ta shtatda Baydenning reytingi 49 foizni, Trampniki 48 foizni tashkil qilmoqda. 

17 avgustda Miluokida (Viskonsin shtat) demokratlarning saylovoldi qurultoyi bo‘lib o‘tadi. Unda Bayden Demokratlar partiyasidan prezident saylovlariga nomzod sifatida e'lon qilinadi. Respublikachilarning xuddi shunday qurultoyi 21-24 avgust kunlari Sharlott shahrida (Shimoliy Karolina shtati) bo‘lib o‘tadi. Unda Tramp respublikachilardan nomzod bo‘lishga roziligini e'lon qiladi.

AQSh prezidenti saylovlari 3 noyabrda bo‘lib o‘tadi.

Mavzuga oid
Top