00:29 / 18.08.2020
21568

Koronavirusdan himoyalovchi eng yaxshi material ma'lum qilindi

Foto: Pixabay

Kanadaning Manitoba universiteti olimlari koronavirus tarkibi 100 foiz paxtadan iborat kiyimga tushganda bir kundan kamroq vaqt ichida yo‘q bo‘lishini ma'lum qilishdi. Ular bunday xulosaga o‘z tadqiqotlari davomida kelishgan.

Mutaxassislar turli materiallardan tikilgan shaxsiy himoya vositalarida koronavirusning barqaror qolishini tekshirishgan.

Virus paxtadan to‘qilgan matodan tashqari, tibbiy ko‘rik o‘tkazishda qo‘llanadigan nitril qo‘lqoplar, kimyoviy moddalarga chidamli qo‘lqoplar, N-95 va N-100 respirator niqoblari, yengil va pishiq bo‘lgan Tyvek materiali, plastik va zanglamaydigan po‘latga joylashtirilgan. So‘ngra uch hafta davomida ushbu materiallar ortidan kuzatuv olib borilgan. Olimlarning aniqlashicha, aynan paxtali matoda keyinchalik virus aniqlanmagan.

Bundan tashqari, olimlar paxtali matodan tikilgan niqoblar eng xavfsiz va arzon ekani haqidagi xulosaga kelishgan. 

O‘z navbatida, Uilyam Geyts jamg‘armasi olimlari zichligi 600 tola bo‘lgan ikki qavat paxtali mato va shifondan tayyorlangan niqoblar 300 nanometrdan kichikroq bo‘lgan zarralarning 80 foizdan ko‘prog‘ini va undan kattaroq zarralarning 90 foizdan ko‘prog‘ini ushlab qolishini aniqlashgan.

Illinoys universiteti olimlarining tadqiqoti toza paxtadan tikilgan va ustma-ust kiyilgan uchta futbolka jarrohlik kiyimi kabi himoya darajasiga egaligini ko‘rsatgan. 

Ekspertlarning ta'kidlashicha, paxta matosidan tayyorlangan ko‘p qatlamli niqob tibbiy niqobdan ko‘ra koronavirusdan biroz yomonroq himoyalaydi. Biroq u koronavirus tarqalishiga asosiy sababchi bo‘lgan og‘iz va burundan tashqariga chiquvchi tomchilarni yaxshi ushlaydi. 

Paxtali matodan tikilgan kiyimni bir sutka chetga olib qo‘ygach, uni xavfsiz deb hisoblash mumkin. Olimlarning ta'kidlashicha, hozirda turli matolarni o‘rganish muhimdir, chunki virus qanday sharoitlarda yashab ketishi va tezroq yo‘q bo‘lishini anglab olish lozim.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top