08:22 / 18.08.2020
7986

Toshkentda yuk mashinasining tormoz tizimi ishdan chiqqani sababli YTH yuz berdi

Farg‘ona yo‘li ko‘chasida yuz bergan yuk transporti ishtirokidagi YTH haqida ma'lumot berildi.

Foto: IIBB axborot xizmati

Joriy yilning 14 avgust kuni taxminan soat 18:30da Farg‘ona yo‘li va Jarqo‘rg‘on ko‘chalari kesishmasida 28 yoshli M.A. “MAZ” rusumli yuk avtomobilini boshqarish davomida 57 yoshli H.J. boshqaruvidagi, yo‘l chetida nosozlik sababli to‘xtab turgan Mazda rusumli avtomobilga kelib urilgan.

Toshkent shahar IIBB xabarida aytilishicha, yuk avtomobili haydovchisining so‘zlariga ko‘ra, YTHga tormoz tizimining ishdan chiqqanligi sabab bo‘lgan.

Inersiya bo‘yicha harakatni davom ettirgan yuk avtomobili ag‘darilib, svetoforning taqiqlovchi belgisi ostida to‘xtab turgan 34 yoshli S.A.ning Spark avtomobiliga va 52 yoshli B.X.ning Nexia avtomobiliga urilgan.

YTH natijasida Mazda avtomobili yo‘lovchisi 23 yoshli S.Yu. tan shikastlari bilan shifoxonaga yetkazildi.

“Hurmatli haydovchilar! Eslatib o‘tamiz, yo‘l harakati qoidalariga ko‘ra, transport vositasi haydovchisi yo‘lga chiqish oldidan transport vositasining texnik holatini tekshirishi, harakat davomida transport vositasining texnik sozligini ta'minlashi zarur”, - deyiladi ma'lumotda. 

Top