20:58 / 19.08.2020
20781

«Avto 60 oy» ishi bo‘yicha sud jarayonlarida 923 nafar jabrlanuvchi so‘roq qilindi

Kun.uz olgan ma'lumotga ko‘ra, ish yuzasidan sud tergovi harakatlari jinoyat ishlari bo‘yicha Chilonzor tuman sudi tomonidan, sudya D.Valiyev raisligida olib borilmoqda. 19 avgustga qadar Toshkent shahri va Toshkent viloyatida yashovchi jabrlanuvchilarning 923 nafari so‘roq qilingan.

«Avto 60 oy» MChJ mansabdorlari soxta tadbirkorlik, pul mablag‘larini noqonuniy jalb etish, firibgarlik va boshqa jinoyatlarda ayblanmoqda.

Jabrlanuvchilar sonining ko‘pligini inobatga olib, ish tafsilotlaridan xabardor qilib borish maqsadida JIB Chilonzor tuman sudi tomonidan maxsus @jibChilonzorsudi telegram kanali tashkil qilingan. Jinoyat ishining barcha jabrlanuvchilaridan mazkur telegram kanaliga obuna bo‘lishlari so‘ralmoqda.

Toshkent viloyatida yashovchi jabrlanuvchilardan 20 avgustdan boshlab, haftaning dushanba kunidan shanba kuniga qadar soat 10:00dan 17:00gacha tuman sudi binosiga kelishlari so‘ralmoqda.

Manzil – Toshkent shahri, Chilonzor tumani, Sharq tongi ko‘chasi, 1a-uy. Mo‘ljal – Xlebushkina nomidagi bolalar uyi.

Murojaat uchun telefonlar: 71-231-19-52, 99-814-96-41

Eslatib o‘tamiz, tergov hujjatlariga ko‘ra, «Avto 60 oy» MChJ ta'sischisi va boshqa mansabdorlari foizsiz, pulini 5 yil davomida bo‘lib-bo‘lib to‘lash sharti bilan avtotransport olib berishni va'da qilib, odamlardan avtomobil turiga qarab 2 mln so‘mdan 10 mln so‘mgacha pul olgan, biroq zimmalaridagi majburiyatni to‘liq bajarmagan.

MChJga 18 818 nafar mijoz 57 milliard 412 million so‘m to‘lov qilgani aniqlangan.

Mavzuga oid
Top