13:31 / 22.08.2020
15913

Shtab a'zosi vafot etgan fuqarolar to‘g‘risidagi ro‘yxatlar nima uchun elektron tizimga qo‘yilmasligiga izoh berdi

AOKAda bo‘lib o‘tgan brifingda Koronavirusga qarshi kurash shtabi a'zosi Barno Abdusamatova koronavirus infeksiyasi borasida aholi murojaati va savollari yuzasidan javob qaytardi.

Murojaatlardan birida fuqaro koronavirus infeksiyasi bilan kasallanganda doim o‘pka shikastlanadimi, deya so‘ragan.

«Koronavirus infeksiyasi turli shakllarda kechadi va doim ham o‘pkani shikastlamaydi. Kasallik ko‘p hollarda umuman simptomlarsiz kechadi, ya'ni test natijasi musbat bo‘lsa-da, kishi hech qanday simptomlarni sezmaydi va bunday virus tashuvchisi tekshirilganda organizmda hech qanday o‘zgarish aniqlanmaydi.

Simptomlar mavjudligida kasallikning quyidagi shakllari ajratib ko‘rsatiladi:

  •  yuqori nafas yo‘llari shikastlanishi bilan (rinit, faringit);
  •  quyi nafas yo‘llari shikastlanishi bilan (pnevmoniya)», dedi Barno Abdusamatova savolga javoban.

Bundan tashqari, koronavirus bilan xastalangan homilador ayollarni kasalxonadan chiqarishda qanday ko‘rsatkichlarga asoslanilishi haqida ham ma'lumot berildi.

«Klinik belgilarning turg‘un yaxshilanishi, uch kun davomida tana harorati normada bo‘lganda, laborator ko‘rsatkichlari normallashganda, nafas yetishmovchiligi belgilari yo‘qligi, kamida 24 soat oraliq bilan ketma-ket ikki marta PZR usulida COVID-19 test natijalari manfiy bo‘lganda.

Shifokor ko‘rsatmasiga ko‘ra rentgenografiya yoki KT tekshiruvi, tavsiya etilmasa tushishga hojat yo‘q», - dedi shtab a'zosi.

Savollarning birida fuqaro nima uchun vafot etgan fuqarolar to‘g‘risidagi ro‘yxatlar elektron tizimga qo‘yilmasligi, OAVda vafot etgan fuqaroning faqat bosh harfi va yoshi yozilishini aytib, bu haqidagi ma'lumotni qayerdan olish haqida so‘ragan.

«Ma'lumotlarni koronavirus kasalligiga chalingan bemorlarni davolash bilan shug‘ullanadigan muassasalarga murojaat qilib, ushbu ma'lumotning nima maqsadda so‘ralayotganligini asoslab bersangiz shunga qarab munosabat bildiriladi.

Aslida kasallikka chalinganlarning shaxsi bilan bog‘liq ma'lumotlarning barchasi tibbiyot siri hisoblanib, ushbu ma'lumotlarni olish vakolatiga ega bo‘lgan tashkilot vakili bo‘lsangiz, u holda bu kabi muassasalarga yoki Sog‘liqni saqlash vazirligiga rasman murojaat qilishingiz mumkin», - dedi Barno Abdusamatova.

Ma'lum qilinishicha, uy sharoitida COVID-19 infeksiyasini davolashning samarasiz ekanligi aniqlanganda, davolovchi shifokor uni ko‘rib, kasallik kechishi holatiga qarab, saralash va tashxislash markazlaridan biriga yoki ixtisoslashtirilgan statsionarlarga yo‘naltiradi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top