19:55 / 24.08.2020
25750

Nemis shifokorlari Navalniy zaharlanganini tasdiqlashdi

Rossiyalik muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniy yotqizilgan Berlindagi «Sharite» shifoxonasi klinik tadqiqotlar natijalari u zaharlanganini ko‘rsatgani haqida ma'lum qildi.

Foto: EPA

Nemis shifokorlarining rasmiy bayonotida «klinik tekshiruvlar natijalari «xolinesteraza inkubatorlari» guruhiga mansub bo‘lgan moddadan zaharlanish holati» haqida aytilgan.

«Moddaning aniq tarkibi hozircha ma'lum emas, keng tahlillar boshlangan. Bemorning tanasidagi zaharli modda bir nechta mustaqil laboratoriyalarda tekshirilgan», deyiladi xabarda.

«Sharite»dagilar «bemor hamon sun'iy koma holatida qolayotgani»ni qayd etishgan. «Uning holati jiddiyligicha qolmoqda, ammo ayni vaqtda uning hayotiga xavf yo‘q», deyilgan shifoxona bayonotida.

Navalniyni atropin preparati bilan davolashmoqda. Shifokorlar Navalniyning kasalligi qanday asoratlarga olib kelishi mavhumligi, biroq uzoq davom etish xavfi mavjudligi, bu ayniqsa, asab tizimiga salbiy ta'sir ko‘rsatishini bildirishgan.

Nemis shifokorlari siyosatchining rafiqasi Yuliya Navalnaya bilan aloqada bo‘lib turishibdi.

Navalniyga nima bo‘lgandi?
Rossiyalik muxolif siyosatchi o‘tgan haftaning payshanba kuni Tomskdan Moskvaga qaytayotgan samolyot bortida o‘zini yomon his qila boshladi.

Siyosatchining matbuot kotibi Yarmishning yozishicha, Tomskdagi aeroportda Navalniy faqat choy ichgan, 20 avgust kuni tongida u boshqa hech narsa iste'mol qilmagan. Samolyotda uning harorati ko‘tarilib, badani terlay boshlagan. Hojatxonaga yo‘l olgach Navalniy hushini yo‘qotgan. Reys yo‘lovchilari u qanday baqirayotgani aks etgan videolarni internetga joylashgan.

Shundan so‘ng samolyot Omskka favqulodda qo‘nishni amalga oshirgan va siyosatchi shahardagi tez tibbiy yordam shifoxonasiga joylashtirilgan. Bu yerda u sun'iy nafas oldirish apparatiga ulangan.

Navalniy qariyb ikki kun davomida Omksdagi klinikada yotdi, shundan so‘ng u Berlinga olib ketildi. Omskdagi klinika shifokorlari ikki sutka davomida uni olib ketishga ruxsat berishdan bosh tortdi va buni bemorning ahvoli barqaror emasligi bilan tushuntirdi. Navalniyning yaqinlari fikricha, bu ish ataylab, uning organizmidagi zaharli modda izlarini yo‘qotish uchun qilingan.

Omskdagi klinika shifokorlari tashxis haqida bemorning qarindoshlariga aytilgani, uning tahlil natijalarida zaharli moddalar aniqlanmaganini aytishgandi. Shu tufayli ushbu holat bo‘yicha jinoiy ish ochilmagna.

Top