11:27 / 25.08.2020
3663

Nyu-Yorkda maktab mashg‘ulotlarini ochiq havoda o‘tkazish taklif qilindi

Nyu-York shahri meri Bill de Blazio koronavirus sababli maktab mashg‘ulotlari ochiq havoda o‘tkazilishi mumkinligini ma'lum qildi.

Foto: EPA

“Biz darslarni ochiq havoda o‘tkazish natija beruvchi g‘oya ekanini bilamiz. Bu bilan ko‘plab imkoniyatlar ochiladi”, deb ta'kidlab o‘tgan mer.

Yaqin kunlarda Nyu-Yorkdagi maktablar rahbariyatlari ta'lim departamentiga darslarni ochiq havoda tashkillashtirish bo‘yicha o‘z rejalarini taqdim qilishlari kerak. Bunda mashg‘ulotlarni xavfsiz o‘tkazish mumkin bo‘lgan ko‘chalar, bog‘lar va sport maydonchalari aniq ko‘rsatilishi lozim.

De Blazio bunday o‘qishni tashkillashtirish uchun maktablarni kim qo‘shimcha moliyaviy qo‘llab-quvvatlashiga aniqlik kiritmagan, chunki mashg‘ulotlarni ochiq havoda o‘tkazish uchun soyabonlar va chodirlar zarur bo‘lishi mumkin.

Avvalroq shahar ma'muriyati Nyu-Yorkning ba'zi ko‘chalarini maktab mashg‘ulotlari vaqtida to‘sish va maktablar ma'muriyatlariga ularda mashg‘ulotlar o‘tkazish uchun soyabonlar (tentlar) o‘rnatish imkoniyatini berishni muhokama qilgan.

Biroq o‘shanda mer shahardagi ob-havo sharoitlarini vaj qilib, bu g‘oyani qo‘llab-quvvatlamagan. 

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Top