07:52 / 26.08.2020
5670

Toshkent metrosidagi o‘rindiqlar restavratsiyasi haqida rasmiy ma'lumot berildi

Hozirda metropoliten stansiyalaridagi o‘rindiqlarni ta'mirlash ishlari olib borilayotgani ma'lum qilindi.

«Toshkent metropoliteni» UK xabariga ko‘ra, ushbu ishlar belgilangan jadval asosida karantindan oldingi davrda (yo‘lovchilar uchun xizmat ko‘rsatmagan paytida) boshlangan. 

Ta'kidlanishicha, qayta tiklash jarayoni maxsus ustaxonalarda olib borilishini hisobga olib, xiyobonlarga o‘rnatilgan o‘rindiqlar bilan vaqtincha almashtirish to‘g‘risida ichki qaror qabul qilindi (hozirda «Paxtakor» va «Xalqlar do‘stligi» stansiyalarida mavjud). 

Rekonstruksiya ishlari tugagandan so‘ng, o‘rindiqlar o‘z joylariga qaytadan o‘rnatiladi, deyiladi ma'lumotda.

«Shu kunlarda ijtimoiy tarmoqlarda metro stansiyalardagi «yangilangan» o‘rindiqlar to‘g‘risida noto‘g‘ri ma'lumot tarqatilib xalqning salbiy muhokamasiga sabab bo‘lmoqda. 

Ushbu holat qayd etilgan va rasmda ko‘rsatilgan stansiyalardagi granit toshli o‘rindiqlar hozir ham, bundan oldin ham bo‘lmagan. Aksincha, yo‘lovchilarga qulay bo‘lishi uchun (ishga tushirilgan paytdan boshlab) keng yog‘och qoplamali o‘rindiqlar o‘rnatilgan. 

Shuni ham ma'lum qilamizki, cheklangan karantin davrida Toshkent metropolitenida ta'mirlash, qayta tiklash va boshqa qator bunyodkorlik tadbirlari bo‘yicha keng qamrovli ishlar amalga oshirilgan», - deyiladi xabarda.

Top