07:26 / 27.08.2020
29777

Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida yangi inspeksiya tashkil etildi

Eksport salohiyatini yanada kengaytirish, investitsiya dasturlariga kiritilgan loyihalar ijrosini o‘z vaqtida va sifatli ta'minlash mo‘ljallanmoqda.

Prezident “Respublikada eksport va investitsiya salohiyatini yanada rivojlantirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonni imzoladi.

Vazirlar Mahkamasi tuzilmasida xodimlarning cheklangan soni 18 nafar bo‘lgan Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi tashkil etildi.

Inspeksiya zimmasiga Hisob palatasining:

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy darajadagi tashriflari davomida imzolangan hujjatlari ijrosini nazorat qilish;

strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish;

mahalliylashtirish jarayonini yanada takomillashtirish, budjet tashkilotlari, budjet mablag‘larini oluvchilar va monitoring yuritiladigan korxonalar tomonidan import qilingan mahsulotlarning asoslanganligini o‘rganish bo‘yicha funksiyalari yuklandi.

Belgilanishicha:

Inspeksiya shtat birliklari O‘zbekiston Respublikasi Hisob palatasi tuzilmasidagi Strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalari ijrosini monitoring va nazorat qilish sho‘'basining 7 ta hamda Oliy darajadagi tashriflar yakunlari bo‘yicha erishilgan kelishuvlar ijrosini nazorat qilish va unga ko‘maklashish sho‘'basining 11 ta shtat birliklarini qisqartirish hisobidan shakllantiriladi;

Inspeksiya faoliyati mazkur Farmonga muvofiq tasdiqlanayotgan Hukumat komissiyasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

Hisob palatasi hamda Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining oliy darajadagi tashriflari davomida imzolangan hujjatlarning hamda strategik korxonalar ishtirokidagi investitsiya loyihalarining to‘liq va o‘z vaqtida bajarilishi ustidan nazoratni tashkil etish hamda amalga oshirish doirasida Inspeksiyaning «Ijro.gov.uz» ijro intizomi idoralararo yagona elektron tizimidan foydalanishi imkoniyatini yaratadi.

Vazirlar Mahkamasi bir oy muddatda:

Eksport va investitsiyalarni rivojlantirish masalalari bo‘yicha Hukumat komissiyasi to‘g‘risidagi nizomni;

Investitsiya loyihalarining amalga oshirilishi va tashqi savdoni monitoring qilish inspeksiyasi to‘g‘risidagi nizomni hamda uning tuzilmasini tasdiqlaydi.

Quyidagilarga:

investitsiyalar va tashqi savdo vazirining birinchi o‘rinbosarlari A. Voitov va L. Kudratov zimmasiga — Hukumat komissiyasining faoliyatini samarali tashkil etish, eksport prognoz ko‘rsatkichlari, Investitsiya dasturlarining umumiy parametrlari hamda oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan «yo‘l xaritalari» ijrosini ta'minlash, shuningdek xalqaro moliya institutlari va xorijiy hukumat moliya tashkilotlari bilan hamkorlik qilish bo‘yicha mas'ul vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari faoliyatini umumiy muvofiqlashtirish;

iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirining o‘rinbosari O. Rustamov zimmasiga — ishlab chiqarishni mahalliylashtirish va sanoatda kooperatsiya aloqalarini kengaytirish masalalari bo‘yicha hokim yordamchilarining faoliyatini samarali tashkil etish hamda mamlakatda ishlab chiqarilayotgan tovarlarning elektron kooperatsiya portaliga to‘liq joylashtirib borilishini ta'minlash, mazkur portalda savdo hajmlarini keskin oshirish choralarini ko‘rish;

Bosh prokurorning o‘rinbosari S. Saidkarimov zimmasiga — Hukumat komissiyasi tomonidan berilgan topshiriqlarning mas'ul vazirlik, idora va xo‘jalik birlashmalari, tijorat banklari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan o‘z vaqtida va sifatli ijro etilishini nazorat qilish;

moliya vazirining birinchi o‘rinbosari O. Nasritdinxodjayev zimmasiga — Hukumat komissiyasi faoliyati doirasida mahalliy eksport qiluvchi korxonalar va loyiha tashabbuskorlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qonunchilikda belgilangan chora-tadbirlarni moliyalashtirish, shu jumladan O‘zbekiston Respublikasi Davlat budjetidan zarur mablag‘larni o‘z vaqtida va to‘liq ajratilishini ta'minlash;

tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari F. Arziyev zimmasiga — xorijiy davlatlar bilan iqtisodiy diplomatiyani kengaytirish, O‘zbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari tomonidan mamlakatning eksport va investitsiya salohiyatini rivojlantirish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarni muvofiqlashtirish;

Markaziy bank raisining o‘rinbosari B. Abubakirov zimmasiga — tijorat banklari tomonidan eksport qiluvchi korxonalarga aylanma mablag‘larni shakllantirish bo‘yicha zarur kredit mablag‘larini ajratish, shuningdek, investitsiya loyihalari hamda oliy darajadagi tashriflar davomida imzolangan hujjatlarni amalga oshirish yuzasidan tasdiqlangan «yo‘l xaritalari»da belgilangan tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirishni muvofiqlashtirish;

Davlat bojxona qo‘mitasi raisi o‘rinbosari M. Saliyev zimmasiga — mamlakatning eksport salohiyatini rivojlantirishda bojxona tartib-taomillarini yanada soddalashtirish, ushbu yo‘nalishga zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini keng jalb etish;

Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari A. Fayzibayev zimmasiga — eksport qiluvchi korxonalar, investitsiya loyihalari tashabbuskorlariga taqdim etilgan soliq imtiyozlarini samarali qo‘llanilishini ta'minlash, shuningdek mahalliy eksport qiluvchi korxonalarga qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovlarini o‘z vaqtida qaytarilishini tashkil etish;

«O‘zstandart» agentligi bosh direktori D. Sattarov zimmasiga — mahalliy eksport qiluvchi korxonalar hamda investitsiya loyihalari tashabbuskorlariga zamonaviy xalqaro standartlarni joriy etishda ko‘maklashish, mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda tashqi bozorlarda texnik jihatdan tartibga solish sohasidagi to‘siqlarni aniqlash va bartaraf etish;

Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi boshlig‘i I. Ergashev zimmasiga — mahalliy mahsulotlarni eksport qilishda tashqi bozorlardagi fitosanitariya cheklovlarini bartaraf etish yuzasidan takliflar ishlab chiqish;

«O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki» AJ boshqaruvi raisi A. Mirsoatov, «O‘zsanoatqurilishbank» ATB boshqaruvi raisi S. Annaklichev va «Asaka» ATB boshqaruvi raisi N. Saydullayev zimmasiga — mamlakatning eksport va investitsiya salohiyatini yanada kengaytirishga qaratilgan tadbirlar hamda raqobatbardosh loyihalarni amalga oshirishda ko‘maklashish yuzasidan shaxsiy javobgarlik yuklandi.

Top