16:00 / 30.08.2020
14175

Qozog‘istondagi bir nechta OTMlar litsenziyasi to‘xtatib qo‘yildi

Qozog‘istondagi 3ta oliy ta'lim muassasasi litsenziyasini to‘xtatib qo‘yildi, yana 2ta OTMlarning litsenziyasi masalasi sudda ko‘rilmoqda. Ularda ta'limga oid qonunchilik talablarini buzilgani ma'lum qilindi.

Foto: elzhastary.kz

Qozog‘iston Ta'lim va fan vazirligi mamlakatdagi bir nechta OTMlar litsenziyasini amal qilishdan to‘xtatib qo‘ydi. Vazirlik xabariga ko‘ra, qayta o‘tkazilgan tekshiruvlarda ham ular tomonidan ta'limga oid qonunchilik normalari buzilgani aniqlangan.

Natijada «Olmaota» universiteti, Olmaota Iqtisodiyot va statistika akademiyasi va A.Kuatbekov nomidagi xalqlar do‘stligi universitetining litsenziyasi to‘xtatilgan.

«Qaynar» akademiyasi va «Silkway» xalqaro universiteti esa tekshiruv natijalari yuzasidan sudga ariza kiritgan bo‘lib, ayni paytda bu masala sudda ko‘rilmoqda.

«Sud jarayonlari yakunlangach, tegishli choralar ko‘riladi», – deyiladi vazirlik xabarida.

Bundan tashqari, M.X.Dulati nomidagi Taraz regional universitetiga berilgan litsenziyaning «Huquq» (bakalavriat) bo‘yicha qismi to‘xtatilgan.

«Abituriyentlarga shuni ma'lum qilamiz: qonunchilikka asosan, ta'lim faoliyati uchun berilgan litsenziya amal qilishdan to‘xtatilgan holda OTM 2020/21 o‘quv yili uchun qabulni amalga oshira olmaydi», – deya yakunlangan Qozog‘iston Ta'lim va fan vazirligi axboroti.

Ma'lumot uchun, 18,7 mln aholiga ega Qozog‘istonda 130ga yaqin OTM mavjud. Ularning deyarli uchdan ikki qismi xususiy.

Mavzuga oid
Top