14:45 / 31.08.2020
16350

Farg‘ona-Namangan yo‘li ham hali ochilmagan – aholining yaqini uzoq bo‘lmoqda

O‘tgan hafta Kun.uz saytida Farg‘ona va Andijon viloyatlarini bog‘lab turuvchi asosiy Asaka-Quva va Shahrixon-Quva yo‘llaridagi blokpostlar olinmagani va transport qatnovi uchun aholi 150 kilometr ortiqcha yo‘l bosib Bo‘ston tumani orqali Yozyovonga kirib, so‘ng Farg‘onaga kirib borayotgani haqida videomaqola e'lon qilingan edi.

Lekin shu vaqtgacha bu masalada hech qanday o‘zgarish bo‘lmadi. Har ikki yo‘l beton to‘siqlar bilan yopilgan holatda turibdi. Farg‘ona viloyat hokimligi videomaqolaga raddiya berib, Bo‘ston-Yozyovon yo‘li ochiqligi haqida ma'lumot berdi. Biroq, hokimlik axborotida Asaka va Shahrixon yo‘llari qachon ochilishi to‘g‘risida aytilmagan.

Maqoladan so‘ng Namangan viloyatida yashovchi aholi vakillari aloqaga chiqib Farg‘onaga o‘tish uchun asosiy yo‘l bo‘lgan Ulug‘nor tumanidan o‘tgan katta yo‘l ham berkligi sabab, qiynalishayotganidan shikoyat qilishdi.

Sayt muxbirlari Ulug‘nor va Yozyovon tumanlari chegarasiga borib, holat bilan tanishdi. Haqiqatan ham ikki tuman chegarasidagi yo‘ldan Andijon viloyati yo‘lni ochgan bo‘lsada, Farg‘ona viloyati shu kungacha beton to‘siqlarni olmagan. Transport vositalari 25-30 kilometr aylanib Farg‘onaga o‘tishga majbur bo‘lishmoqda.

«Biz Farg‘onadan Namanganga katta hajmdagi yuklarni tashiydigan firmada ishlaymiz. Har kuni shu yo‘ldan yurishga to‘g‘ri keladi. Namangandan Yozyovonga o‘tish yo‘li berkligi sabab ortiqcha 25 kilometr yo‘l bosyapmiz. Aylanma yo‘l o‘nqir-cho‘nqir ekan. Ham vaqtdan yutqazyapmiz, ham oshiqcha xarajat. Yo‘lni tezroq ochib berishsa bo‘lar edi», deydi haydovchilardan biri.

«Biz Ulug‘norga bozor-o‘char, kundalik ro‘zg‘or ishlari bilan har kuni shu yerdan o‘tamiz. Yozyovondan taksiga o‘tirib postgacha kelib tushib, bu tomonga o‘tib yana taksiga o‘tiramiz. Yo‘lkira haqi ham ikki barobar oshib ketyapti. Aholi juda ovora bo‘lyapti», deydi yo‘lovchi ayollar.

«Men Qirg‘izistondan kelgandim. Yuk mashinam buzilib, kerakli uskunani olish uchun Farg‘onaga o‘tish yo‘lini izlayapman. Andijon tomondan o‘ta olmay, bu yerga keldim. Qayerga borsam blokpostlar. Yo‘llar berk. Hech bo‘lmasa magistrallarni chetiga yo‘l berkligi haqida belgi ham qo‘yishmabdi. Ovoragarchilik. Nima qilishga hayronman», deydi yana bir haydovchi.

«Biz Namangandan kelyapmiz. Har kuni shu qiyinchilik. Ochilib qolgandir, deb kelsak yana shu ahvol. Yo‘lni ochib berishsa bo‘lardi.

Men Namanganning Nanay qishlog‘idan Oltiariq tumaniga o‘tmoqchi edim. Asosiy bo‘lgan shu yo‘lga yurib olibman. Endi aylanma yo‘lni surishtirib topib olarmiz. Qachon ochishadi, shuni aytinglar?», deydi yana boshqa haydovchi.

«Yozyovonni Takalik qishlog‘idanman. Ulug‘norga o‘tib dehqonchilik qilaman. Fermer xo‘jaligim bor. Sholi, jo‘xori ekkanmiz. Odam olib o‘tgani ham qiynalyapmiz. Katta yuk mashinalari kelib, ovora bo‘lib qaytib ketyapti. Yo‘lni tezroq ochib qo‘yishsa bo‘lardi», deydi shu yerlik otaxon. 

Farg‘ona viloyati mutasaddilari mamlakatda 15 avgustdan karantin cheklovlari yumshatilib shaharlaro transport qatnovlari yo‘lga qo‘yilgan bo‘lsada, haligacha qo‘shni viloyatlar bilan chegaradagi blokpost va beton to‘siqlarni olishgani yo‘q.

Aholi, tadbirkorlar, dehqonlar esa yo‘llar tezroq ochilishini kutishmoqda.

Elmurod Ermatov
Ahrorbek Yoqubjonov

Mavzu
Kun.uz surishtiruvi
Kun.uz xalq murojaatlari asosida joylarda bo‘lib, muammolarni o‘rganmoqda va xolisona yoritmoqda.
Barchasi
Top