12:05 / 31.08.2020
7996

O‘zbekiston biror fuqarosini o‘z holiga tashlab qo‘ymaydi – Shavkat Mirziyoyev

Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Mustaqilligining 29 yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida pandemiya davrida o‘zbek xalqi tom ma'noda qudratli kuchga aylangani haqida aytib o‘tdi.

«Sizlarga ma'lumki, shu yil boshida 2020 yil uchun ulkan reja va maqsadlarni belgilab olgan edik. Biroq jahon miqyosida yuzaga kelgan koronavirus pandemiyasi va iqtisodiy inqiroz, Buxoro va Sirdaryo viloyatlarida ro‘y bergan tabiiy va texnogen ofatlar barchamizning irodamizni jiddiy sinovdan o‘tkazdi. Tosh kelsa kemirib, suv kelsa simirib toblangan xalqimiz bu og‘ir kunlardan ham, o‘zining sabr-matonati, mehr-oqibati va mehnatkashligi bilan yanada kuchli bo‘lib o‘tmoqda.

Hozirgi murakkab vaziyatda biz uchun g‘oyat muhim ikkita vazifani samarali hal etish – eng dolzarb zaruratga aylanmoqda. Ya'ni, biz aholimizning sog‘lig‘i va hayotini asrash, shu bilan birga, iqtisodiyotimizni tiklash, odamlarga ishlab daromad topishi uchun sharoit yaratib berish muammosini bir paytning o‘zida hal etmoqdamiz. Pandemiya davrida, xalqimiz tom ma'noda qudratli kuchga aylandi. Buni «Saxovat va ko‘mak» umumxalq harakati yana bir bor yaqqol namoyon etdi», dedi prezident.

Davlat rahbari bu ezgu tashabbus ishbilarmon va tadbirkorlarni, fidoyi yoshlarni, barcha vatandoshlarni olijanob maqsad yo‘lida birlashtirganini ta'kidlab o‘tdi.

«Ayni vaqtda koronavirus mamlakatimiz tibbiyot tizimi uchun ham jiddiy sinov, ham ulkan tajriba maktabi bo‘ldi. Bu baloga qarshi kurashish bo‘yicha so‘nggi olti oy davomida misli ko‘rilmagan ishlarni amalga oshirdik. Jumladan, ko‘plab yangi shifoxonalar va karantin zonalari ishga tushirildi. Katta miqdorda qo‘shimcha tibbiyot uskunalari va tez yordam mashinalari xarid qilindi. Eng ilg‘or xorijiy amaliyot va o‘zimizda to‘plangan tajriba asosida davolash usullari, doimiy tarzda takomillashtirib borilmoqda», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezidentning aytishicha, chet davlatlarga mehnat qilish va o‘qishga ketib, pandemiya tufayli qiynalib qolgan yurtdoshlarimizni o‘z uylariga qaytarish, tegishli yordam ko‘rsatish bo‘yicha amalga oshirgan katta ishlar davom ettiriladi.

«Hech kim hech qachon unutmasligi kerak: qanchalik qiyin bo‘lmasin, qancha mablag‘ va imkoniyat talab etilmasin, O‘zbekistonning birorta fuqarosi o‘z holiga tashlab qo‘yilmaydi», dedi u Ko‘ksaroy qarorgohida mustaqilligimizning 29 yilligi bayramiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda.

Top