12:16 / 31.08.2020
45883

Prezident kelajakda o‘qituvchilarning oyligi 1000 dollarga yetkazilishini aytdi

O‘zbekistonda o‘qituvchilarning oyligi 1000 dollarga yetkaziladi. Prezident Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Mustaqilligining yigirma to‘qqiz yilligiga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida shu haqda aytib o‘tdi.

«So‘nggi to‘rt yilda mamlakatimizda 43ta yangi oliy ta'lim muassasasi tashkil etilib, ularning jami soni 121taga yetdi. Bu yil oliy o‘quv yurtlariga kirish uchun bir yarim millionga yaqin yoshlarimiz hujjat topshirdi. Bu raqam o‘tgan yilga nisbatan 40 foiz ko‘p demakdir. 

Bu ko‘rsatkichlar, avvalo, farzandlarimiz va ularning ota-onalari qalbidagi ertangi kunimizga, kelajakka bo‘lgan katta orzu-umid va ishonchdan darak beradi. Shu o‘g‘il-qizlarimiz yaqinda kirish imtihonlarini topshiradi. Kelinglar, bo‘lg‘usi sinovlarda hamma farzandlarimizga omad va zafarlar tilaylik!», dedi davlat rahbari.

Uning ta'kidlashicha, yosh avlod tarbiyasida hal qiluvchi o‘rin tutadigan bog‘chalar va maktablar tizimida ham ulkan o‘zgarishlar amalga oshirilmoqda. Prezident maktablari, ixtisoslashgan va ijod maktablari barpo etish, «Zamonaviy maktab» dasturini joriy etish borasidagi ishlar ham uzluksiz davom ettirilmoqda. 

«Yurtimizda Yoshlar ishlari agentligi hamda Yoshlar masalalari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etildi. Oliy Majlis palatalari huzurida Yoshlar parlamentlari, Innovatsion rivojlanish vazirligi qoshida Yoshlar akademiyasi tuzildi. Hududlarda «Loyihalar fabrikasi» ish boshladi. «Yoshlar – kelajagimiz» davlat dasturi doirasida iqtidorli va tashabbuskor o‘g‘il-qizlarimizning 8 mingdan ziyod biznes loyihalariga qariyb 1,7 trillion so‘m miqdorida imtiyozli kreditlar ajratildi», dedi prezident.

Davlat rahbari kelajakda o‘qituvchilarning oyligi albatta 1000 dollar ekvivalentiga yetkazilishini aytgan.

«Farzandlarimizning iste'dod va qobiliyatini, ezgu intilishlarini to‘liq ro‘yobga chiqarish, ijtimoiy faolligini oshirish, hayotda munosib o‘rin egallashlari uchun barcha imkoniyatlarni yaratib berish, bundan buyon ham bosh maqsad bo‘lib qoladi», deydi u.

Top