13:04 / 03.09.2020
3067

AQSh va Markaziy Osiyo mamlakatlari savdo aloqalarini oktabr oyida muhokama qilmoqchi

Joriy yilning 2 sentabr kuni O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari - investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardor Umurzoqov Amerika Qo‘shma Shtatlarining O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Daniel Rozenblyum bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Foto: Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi

Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi xabariga ko‘ra, uchrashuvda investitsiya va savdo sohalaridagi hamkorlikni mustahkamlash, mintaqaviy ahamiyatga molik qo‘shma tashabbuslarni amalga oshirish doirasida hamkorlikni kuchaytirish orqali ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy sheriklikni kengaytirish imkoniyatlari muhokama qilindi.

Amerika kompaniyalarining O‘zbekistondagi faoliyati bilan bog‘liq joriy masalalar va respublikada investitsiya loyihalarini amalga oshirish uchun yirik sanoat guruhlari va transmilliy xoldinglarni jalb etish bo‘yicha hamkorlikni yanada kengaytirishning istiqbolli mexanizmlari alohida ko‘rib chiqildi.

Sardor Umurzoqov

Shu nuqtayi nazardan, tomonlar investitsiyaviy hamkorlik salohiyatining yuqoriligini ta'kidlab, sifatli loyiha takliflarini ishlab chiqish maqsadida AQSh Savdo va taraqqiyot agentligi (USTDA) hamda O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi huzuridagi Investitsiya loyihalarini ishlab chiqish markazi o‘rtasida yaqin aloqalarni o‘rnatishga kelishib oldilar.

Markaziy Osiyo va Afg‘oniston mamlakatlarining iqtisodiy va infratuzilmaviy o‘zaro bog‘liqligini mustahkamlash maqsadida O‘zbekiston va AQShning mintaqaviy hamkorlikning kun tartibidagi dolzarb masalalarni hal etishdagi yondashuvlarning bir xilligi qayd etildi. Tomonlar C5+1 platformasi doirasida hamkorlikda erishilgan yutuqlarni ijobiy baholab, C5+1 Iqtisodiy ishchi guruhining bo‘lajak yig‘ilishi kun tartibidagi muayyan masalalarni muhokama qildilar. Yig‘ilishni o‘tkazishdan maqsad – mintaqa mamlakatlarining iqtisodiy hamkorligini mustahkamlash bo‘yicha amaliy takliflar ishlab chiqish hisoblanadi.

Daniel Rozenblyum

Shu yilning oktabr oyida Amerika Qo‘shma Shtatlari va Markaziy Osiyo o‘rtasida savdo va investitsiya bo‘yicha doiraviy Bitimning (TIFA) virtual yalpi majlisini o‘tkazishning rejalari ko‘rib chiqildi. Bitim – bojxona-tarif jihatdan tartibga solish, standartlashtirish, sanitariya va fitosanitariya nazorati, intellektual mulkni himoya qilish va elektron tijoratni rivojlantirish bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishish uchun samarali platforma hisoblanadi.

Shuningdek, AQSh Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi (USDFC) bilan transport va energetika infratuzilmasini rivojlantirish va mintaqa davlatlari o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashga qaratilgan mintaqaviy ahamiyatga ega loyihalarni birgalikda moliyalashtirishni jadallashtirish imkoniyatlari ustida ish olib borildi.

AQSh hukumatiga Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan koronavirus pandemiyasining tarqalishiga qarshi kurashishda o‘pkani sun'iy shamollatish uskunalari (SShU), himoya aksessuarlari hamda laboratoriya va tibbiy materiallarni O‘zbekistonga jo‘natish shaklida ko‘rsatilgan insonparvarlik yordami uchun alohida minnatdorchilik bildirildi.

Mavzuga oid
Top