00:16 / 03.09.2020
17500

Dunyodagi vaziyat: AQSh «korrupsiyalashgan vaksina»ga qarshi, niderlandlar to‘yga ko‘proq mehmon chaqirgan vazirdan norozi

JSST va Xitoy bilan birgalikda ishlashni istamasligi tufayli AQSh Covid-19'ga qarshi vaksina yaratish va uni tarqatish bo‘yicha xalqaro dasturda qatnashishdan bosh tortdi. Niderlandiya adliya vaziri o‘z to‘yida karantin qoidalarini buzganlikda ayblandi. 

Foto: Reuters

Jons Hopkins universiteti ma'lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirus bilan kasallangan soni 25,7 milliondan oshdi, 857,7 ming bemor vafot etgan. 17 milliondan ortiq inson xastalikdan sog‘aygan. 

O‘lim va kasallanishlar soni bo‘yicha AQSh hali ham birinchi o‘rinda bormoqda: 6 milliondan ortiq holat, o‘limlar soni 185 mingga yaqin.

AQSh JSST bilan hamkorlik qilishni istamayapti
Oq uy ma'muriyatining ma'lum qilishicha, AQSh boshqa mamlakatlar bilan birgalikda vaksina ishlab chiqilishida ishtirok etmaydi, bunga loyihaga Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti jalb qilingani sabab sifatida ko‘rsatilgan.

Ayrim nyu-yorkliklar bolalar maktabga qaytarilishiga qarshi chiqishgan. «Faqat xavfsiz bo‘lganda oching!», -deyilgan bu plakatda.

Loyiha JSST tashabbusi bilan boshlangan bo‘lib, ishlanmada 172 mamlakatdan olimlar qatnashmoqda. JSST rasmiylarining so‘zlariga ko‘ra, bu «xavfsiz va samarali vaksinalar litsenziyalanib, tasdiqlangandan so‘ng ularga ega bo‘lishning teng imkoniyatini ta'minlash» uchun qilingan.

Biroq, Oq uy tomoni «Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti pandemiya boshlanishida Xitoyning Covid-19 haqidagi ma'lumotlarini beparvolik oqibatida yoki qasddan ishonib qabul qilib, o‘z obro‘sini to‘kdi» deb hisoblaydi. Donald Tramp ma'muriyatining ta'kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar koronavirusga qarshi kurashda xalqaro sheriklar bilan yaqin hamkorlikni davom ettiradi, ammo «korrupsiyalashgan JSST va Xitoy tomonidan boshqariladigan» loyiha doirasida emas. 

Nyu-York o‘quvchilari sentabr oyida kunduzgi maktabga qaytgan AQShning birinchi yirik shahri bo‘lishi mumkin. Shahar meri Bill de Blazio va ta'lim sohasidagi kasaba uyushmalari Nyu-Yorkda o‘quv yili boshlanishi 21 sentyabrga qoldirilishiga kelishib olishdi, bunda o‘quvchilar haftada uch kun maktabda o‘qishadi. Qolgan kunlar darslar onlayn o‘tkaziladi.

Bolalar partalarga qaytishi uchun shahar maktablarida shamollatish tizimi yangilanmoqda, partalar orasidagi masofa kengaytirildi, o‘qituvchilar uchun niqoblar sotib olindi. Bundan tashqari, Bill de Blazio har oyda o‘quvchilar va o‘qituvchilarning kamida 20 foiz qismi Covid-19 tahlilidan o‘tkazilishini buyurdi.

Braziliyaning Amazoniya tadqiqotlari milliy instituti olimlarining fikriga ko‘ra, Braziliyaning hindu qabilalari orasida Covid-19'dan o‘lim darajasi mamlakatning asosiy aholisiga qaraganda 250 foizga yuqori.

Shifokorlar Amazonka junglilarida ajralib qolgan aholi turarjoylariga yetib borishi qiyin

Ushbu ko‘rsatkich avgust oyi boshida sezilarli darajada oshdi. Tadqiqotchilarning fikriga ko‘ra, bu holat bir qator omillarga, shu jumladan tibbiy xizmatdan foydalanish qiyinligi va chaqirilmagan mehmonlarning virusni mahalliy aholiga yuqtirishlari bilan bog‘liq. Institut ma'lumotlariga ko‘ra, iyun oyi o‘rtalariga qadar aksariyat qabilalarda koronavirus infeksiyasi tarqalmagandi. 

Braziliya Covid-19 bilan kasallanish va o‘limlar soni bo‘yicha dunyoda ikkinchi o‘rinda joylashgan - mos ravishda deyarli 4 million va 122,5 ming holatlar. 

Janubiy Koreyada keksalar orasida kasallanish keskin o‘sdi. Shifokorlar vaziyat inqirozga yaqin turganidan ogohlantirmoqda. Avvalroq turli guruhlar faollari mamlakatdagi holat yomonlashishida diniy xizmatlarga qatnashdan vaqtinchalik voz kechishni istamayotgan konservativ kayfiyatdagi ibodatchilarni ayblab chiqishdi.

Yevropadagi vaziyat
Vengriyada epidemiya boshlanganidan beri kunlik kasallanish darajasi bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich qayd etildi – bir kunda 365ta yangi holat. Mamlakat rasmiylari buni ko‘pchilikning, tavsiyalarga xilof ravishda, chet elga ta'tilga chiqqani bilan izohlamoqda. Umuman olganda,  ushbu mamlakatda umumiy hisobda 6622 kishi virusni yuqtirib olgan, 619 nafar inson hayotdan ko‘z yumgan.

Germaniyaning ayrim hududlarida savdo markazlarida tibbiy niqobda yurish majburiy bo‘lgan

Covid-19'ning og‘ir shaklini boshdan kechirgan ukrainalik siyosatchi Yuliya Timoshenkoning aytishicha, uning ahvoli juda og‘ir bo‘lgan, ammo hammasi ortda qoldi va u asta-sekin odatiy hayotga qaytadi. 

Ukrainada pandemiya boshlangandan beri 128,8 ming nafar bemor ro‘yxatga olingan, 2705 kishi vafot etgan. 

Germaniya sog‘liqni saqlash vaziri Yyens Shpan chorshanba kuni mamlakat hukumati ikkinchi lokdaunni joriy etishga urinmayotganini ma'lum qildi. Uning ta'kidlashicha, bu chora mart oyida juda zarur edi, ammo olimlar va hukumat virus haqida ko‘proq ma'lumotga ega bo‘lgan hozirgi davrda lokdaunga hojat yo‘q.

So‘nggi paytlarda Germaniyada yangi holatlar soni ko‘paymoqda. O‘tgan hafta kansler Angela Merkel kuz-qish o‘rtalariga borib vaziyat, katta ehtimol bilan, yanada yomonlashishidan ogohlantirdi. 

Shu bilan birga, rasmiylar iqtisodiyotni yana bir bor falaj qilishni, maktab va universitetlardagi o‘quv jarayonini to‘xtatishni istashmayapti va epidemiyaning oldini olishning boshqa usullarini izlashmoqda. Xususan, yil oxirigacha barcha ommaviy tadbirlar taqiq ostida, jamoat joylarida niqob kiyish qoidalari yaqin kelajakda ham saqlanib qoladi, noqulay epidemiologik vaziyat saqlanib qolgan mamlakatlardan kirib kelayotganlar uchun karantin joriy etiladi. 

Shuningdek, Germaniya bosh virusologi Kristian Drosten o‘zini izolyatsiya qilish muddati 14 kundan 5 kungacha qisqartirilishi mumkin, deb hisoblaydi.

Ferd Grapperhaus ikkiyuzlamachilikda ayblanmoqda: qonunga amal qilishga chaqirishi kerak bo‘lgan Adliya vaziri umummilliy qoidalarni buzgan REUTERS

Niderlandiya parlamenti matbuotda o‘tgan hafta bo‘lib o‘tgan to‘yidan fotosuratlar chop etilgan mamlakat adliya vaziri Ferd Grapperhausni tushuntirish berishi uchun chaqirdi. 

Vazirning tanqidchilari hukumat a'zosi mamlakatning barcha aholisi uchun majburiy bo‘lgan ijtimoiy masofalanish qoidalarini buzganidan g‘azablanmoqda. Grapperhaus to‘yga faqat kelin-kuyov oilasi va bir necha eng yaqin do‘stlar taklif qilingandi, deb da'vo qilsa-da, fotosuratlar shuni ko‘rsatadiki, tadbirda ko‘proq odamlar bo‘lgan va hech qanday 1,5 metrlik masofaga rioya etilmagan. 

Vazir xayrixohlik belgisi sifatida Qizil Xoch tashkiloti fondiga belgilangan jarimadan ikki baravar ko‘p bo‘lgan 780 yevro to‘ladi. Biroq, niderland nashrlari voqea bu bilan yakun topmasligini yozmoqda.

Britaniyada o‘quv yili
Buyuk Britaniyada millionlab bolalar maktabga qaytishdi.

Britaniyadagi sinfxonalarda partalar qaytadan o‘rnatib chiqilgan / PA MEDIA

Yozgi ta'til paytida ta'lim muassasalari ma'muriyati hukumatning tavsiyalariga binoan qator o‘zgarishlar kiritdi: aksariyat maktablarda bir tomonlama harakatlanish joriy etildi,  o‘quv kunining boshlanishi turli sinflar uchun bir necha vaqtga bo‘lindi.

Bundan tashqari, turli yosh guruhlari uchun «ijtimoiy pufaklar» yaratilgan bo‘lib, ular doirasida bolalar bir-biri bilan muloqot qilishlari va o‘ynashlari mumkin, ammo boshqa «pufak» vakillari bilan emas. 

Agar bolalardan biri koronavirus bilan kasal bo‘lsa, Britaniya maktablari qanday harakat qilishi yaqinda ma'lum bo‘ldi. 

Ta'lim vazirligi rasmiylarining xabar berishicha, kasallik alomatlari kuzatilgan bola uyiga yuboriladi va maktab undan darhol Covid-19 tahlili olinishini tashkil qiladi. Agar test natijasi ijobiy bo‘lsa, bemor bilan aloqada bo‘lgan o‘quvchi va o‘qituvchilar o‘z-o‘zini yakkalash tartibiga o‘tkaziladi. Maktab binosida qo‘shimcha sanitariya ishlari amalga oshiriladi. 

Bitta maktabda 14 kun ichida kasallikning ikki yoki undan ortiq holatlari aniqlansa, bu virus o‘chog‘i deb tan olinadi. 

PA MEDIA

Shotlandiyaning Glazgo shahrida so‘nggi ikki kun ichidagi Covid-19 kasalligi ko‘payishi ortidan yangi cheklovlar joriy etildi. Do‘kon va kafelar yopilmaydi, ammo turli joylarda yashaydigan odamlarning bir uyda yig‘ilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Cheklovlar yuz minglab odamlarga ta'sir ko‘rsatdi. 

Buyuk Britaniya Yevropadagi koronavirusdan eng ko‘p jabr ko‘rgan mamlakat bo‘lib qolmoqda: deyarli 41,6 ming o‘lim. Hammasi bo‘lib deyarli 340 ming kishi virusni yuqtirgan - bu Yevropada Ispaniyadan keyingi ikkinchi va dunyoda 13-o‘rin.

Mavzu
Koronavirus
2019 yilning dekabr oyi oxirida Xitoyning Uxan shahrida noma’lum virus tarqala boshladi. Bu virus havo orqali odamdan odamga yuqadi va o‘limga olib keladi.
Barchasi
Mavzuga oid
Top