01:03 / 04.09.2020
12711

Lukashenko Ukrainaga kirishi taqiqlangan kishilar “qora ro‘yxati”ga tushdi 

Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Minsk Rossiyaga 32 rossiyalik fuqaroni topshirgandan keyin Ukrainaning “Mirotvorets” sayti ma'lumotlar bazasiga kiritildi. Ushbu bazaga tushish Ukrainaga kirish taqiqlanishini anglatadi.

Foto: Sputnik / Viktor Tolochko

Avvalroq Belarusda 33 rossiyalik hibsga olingandi. Minskda ular “Vagner” xususiy harbiy kompaniyasi jangchilari ekani va mamlakatga ommaviy tartibsizliklar uyushtirgani kelganlari ta'kidlangan. Ukraina esa Minskdan ushbu shaxslardan 28 nafarini topshirishni so‘ragan. Ular Kiyev tomonidan Donbassdagi janglarda ishtirok etishda gumon qilingan. Biroq 14 avgustda 32 rossiyalik Rossiyaga topshirilgan. Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy Minskning ushbu qarorini qoralagan.

“Mirotvorets” sayti o‘zini Ukraina milliy xavfsizligi, tinchlik, insoniyat va xalqaro huquq-tartibot xavfsizligiga qarshi jinoyatlar alomatlarini tadqiq qiluvchi markaz deb ataydi. Bu saytga DXR va LXR bilan hamkorlik qiluvchi kishilar, Rossiya o‘z tarkibiga qo‘shib olgan Qrimga tashrif buyuruvchi siyosatchi va artistlar, OAVda Rossiyani qo‘llab-quvvatlovchi bayonotlar bilan chiquvchi shaxslar kiritiladi.

“Terrorchilar va rossiyalik bosqinchilar sherigi. Xalqaro kelishuvlarga zid ravishda, Ukraina tomonidan bildirilgan tegishli murojaatga qaramay, Rossiyaga (agressor davlatga) Ukraina hududida harbiy jinoyatlar sodir etgan jangarilar va yollanma jangchilarni berishga ko‘rsatma bergan”, deb “ta'riflangan” Lukashenko sayt xabarida.

Bundan tashqari, Polshaning sobiq bosh vaziri Donald Tuskning Onet portaliga yaqinda bergan intervyusi ham Lukashenkoning bazaga kiritilishiga sabablardan biri deb atalgan. Tuskning ta'kidlashicha, Lukashenko unga 2014 yilda Ukraina va Belarus ittifoqini tuzishni va unga o‘zini prezident etib tayinlashni taklif qilgan. “Mirotvorets” mualliflari bu taklifni “Ukrainaning suvereniteti va hududiy yaxlitligiga tajovuz” deb topishgan.

Top