23:05 / 04.09.2020
41262

Messi kattami yoki «Barselona»?

So‘nggi kunlarda Messining «Barselona»dan ketishi mavzusi shu qadar keng muhokama qilindiki, shu davrgacha amalga oshirilgan milliard yevroga yaqin transferlarni o‘z soyasida qoldira oldi. 

«Hech bir futbolchi klubdan kattaroq emas» - «Barselona»ning «otasi» Yoxan Kroyfning bu so‘zlari shubhasiz, «Kamp Nou»ning qaysidir xonasiga osib ham qo‘yilgandir. Ammo Messi bilan bog‘liq holatlar buning aksini isbotlagandek bo‘ldi, birgina futbolchining bayonoti hammasini ostin-ustun qilib yubordiki, hatto Bartomeu iste'foga chiqishi, saylovlar qayta o‘tkazilishi kabi katta voqealar ro‘y berishina bir baxya qoldi. Rostan ham Messi kattaroqmi?

Bir tomondan, ha, chunki, Messi dunyoning eng yaxshi futbolchisi, mayli, ikkitadan bittasi, «Barselona» esa, so‘nggi o‘yinini 2:8 hisobida yutqazdi, ya'ni eng kuchli klub emas, ikkitadan bittasi ham emas.

Boshqa tarafdan, yo‘q, Messi «Barselona»dan emas, bugungi rahbariyatdan kattaroq ekani namoyon bo‘lmoqda, xolos. Chunki Messi hech qanday shart qo‘ygani yo‘q, nimanidir boshqarishga urinmadi, murabbiy tanlamadi - shunchaki, jamoani tark etishni xohladi, xolos. Judayam tabiiy bo‘lgan xohish, zero «Barselona» avlodlar almashinuviga muhtoj, balki bir-ikki yil qayta qurish ishlari bo‘lar - bu vaziyatda, yana biroz shubhali bo‘lgan Ronald Kuman bilan amalga oshishi mumkinligiga ishonchsizlik, futbolchining 33 yoshga kirib, faoliyatining so‘nggi yillarida kuchliroq jamoada, balki boshqa chempionatda sovrinlar yutishga bo‘lgan ishtiyoqi jinoyat emas, to‘g‘rimi?

Har qanday afsonaviy futbolchilar bilan ham bunday voqealar bo‘ladi va zinhor bu futbolchining o‘zini katta tutishi emas. 

Kroyfga o‘xshashroq boshqa - «agar qachonki, biror futbolchi murabbiydan muhimroq bo‘lar ekan, hammasi tamom» iqtibosi muallifi Aleks Fergyuson davrini eslang. Ueyn Runi jamoani tark etishni istagan. Klub kerakli transferlarni amalga oshirmayotgani, yuqori sovrinlar uchun kurashishga ko‘zi yetmayotganini aytgan. Xo‘sh, Fergyuson o‘sha iqtibosni eslab, Runidan voz kechganmidi? Yo‘q, u futbolchi bilan gaplashib, ishontirgan, ko‘ndirgan, hammasi yaxshi bo‘lishini aytib, va'dalar bergan. Ueyn murabbiy ketganidan keyin ham, to‘rt yil Manchesterda to‘p surdi.

Messining futbolda uchrab turadigan tabiiy istagi bu qadar katta rezonans berganining sababi, Bartomeu boshqaruvidagi muvaffaqiyatsizliklardir. U na murabbiy tanlashda, na transferlarda samarali ish olib bordi, natijada, qatorasiga to‘rt yil «Barselona» yirik hisobdagi mag‘lubiyatlar bilan YeChLni tark etdi. 

Tasavvur qiling, agar bu yil «Barselona» YeChLni yutib, Bartomeu otning ustida bo‘lganda, Messining ketishiga munosabat xotirjamroq bo‘lmasmidi? Xuddi Ronaldu osonlik bilan «Real»ni tark etgandek, Messining ketishi xuddiki yangi davrning boshlanishini bildirgandek, chiroyli kuzatish bo‘lar, ishonamanki, Bartomeu ham bu qadar oyoq tirab turib olmasdi. Demak, Messining ketishi qandaydir reja yoki strategik qaror emas, samarasiz boshqaruvning oqibati bo‘lib qolishi Bartomeu uchun katta zarba bo‘lardi. U transferlar uchun uch yilda yetti yuz million sarflab, biror marta nishonga urmagan, buning ustiga Neymar va Messini sharmandali tarzda qo‘ldan boy bergan noshud rahbar sifatida tarixda qolardi. 

Katta ehtimol bilan Messining ketishi uning ham kursisini silkitar, saylovlarning bir yil oldinga surilishina sabab bo‘lardi. Zero qoidaga ko‘ra, agar shuni istab o‘n yetti ming muxlis yig‘ilsa, saylovlar muddati o‘zgarishi mumkin ekan.

Bartomeuning iste'fo berishga tayyor ekanini aytishi, baribir, Messidan keyin qola olmasligi aniqligidan edi. Bu qaror ham Messiga ta'sir ko‘rsatmasligini bilgach, boshqa yo‘ldan foydalandi. Paradoksni qarangki, futbolchining «Barselona»ga muhabbati Bartomeuni ham klubda olib qoldi.

Messining intervyusi va u klubda qolayotgani bir qator xulosalarga undaydi.

Futbolchi Bartomeuga butunlay qarshi ekani, ammo o‘zi ulg‘aygan, yaxshi ko‘rgan klub bilan sudlashishgacha borishni istamagani uchun qoladi. Ya'ni, klub o‘zi uchun ko‘p foyda keltirgan afsonasini sharmandali mavsumdan keyin o‘z istagiga ko‘ra sotishni istamadi, sudlashishga tayyor turdi. Messi esa, bu holatni o‘ziga ep ko‘rmadi. Bu tabiiyki, Bartomeuning mag‘lubiyati, go‘yoki, yakunda g‘alaba qozonayotgandek ko‘rinsa-da.

Messining ketishi masalasiga kelasi yozda yana qaytiladi. Agar Messining hamma gapi to‘g‘ri bo‘lsa, u bir yildan beri «Barselona»da avlodlar almashishi kerakligi, o‘zi esa ketmoqchi ekanini Bartomeuga aytib kelgani rost bo‘lsa, demak, Messi baribir ketadi. 

Ehtimol, yangi rahbariyatning qanaqadir taklifi, Gvardiola yoki Neymarning jamoaga kelishi, kabi voqealar Messini olib ham qolar, kim biladi...

Yana bir masala, go‘yoki, Messi majburan qolayotgani uning yangi mavsumda kuchli o‘yin ko‘rsatmasligiga sabab bo‘ladi, «Barselona» ishtiyoqsiz, hayotdan xafa Messiga ega bo‘ladi, degan fikrlar ham bor. Men bunga qo‘shilmayman.

Eslasangiz, Luis Suares «Liverpul»dagi so‘nggi mavsumi oldidan, shunga yaqin holatga tushgandi. Uni qo‘yib yuborishlarini talab qilgan, mashg‘ulotlardan bosh tortgan, jamoadoshlari bilan teskari bo‘lib qolgan - shu darajadaki, mashg‘ulot o‘tayotgan boshqa futbolchilar Suaresning bazaga kelishini istashmagan ham.

Voqeani davomini bilasiz. Suaresga xaridor bo‘lib, «Arsenal» 40 million funt taklif qiladi. Urugvaylik hujumchi bir oyog‘i bilan Londonda bo‘lgan pallada, «Liverpul» transfer summasini oshirishni talab qiladi. «Arsenal» taklifini 40 000 001 funtga oshiradi. 

Xullas, transfer sodir bo‘lmaydi. Suares keta olmaydi. Hech kim yana qizil libosda tasavvur qila olmay qolgan futbolchi faoliyatidagi eng yaxshi mavsumini o‘tkazadi. Eng ko‘p gol uradi. Chempion bo‘lishiga bir baxya qoladi. Chempion bo‘lolmagach, ko‘zidan duv-duv yosh to‘kadi. 

Aytmoqchimanki, Messi baribir «Barselona» va futbolni sevadi, ofisda o‘tirgan bir yoqimsiz kimsa uning bir yil sevgan ishini qilishga xalaqit bera oladigan darajada katta emas.

Qahramon Aslanov

Top