11:11 / 05.09.2020
9911

IIV abituriyent qanday hollarda imtihondan chetlashtirilishini va uning natijasi chiqarilmasligini ma'lum qildi

Ichki ishlar vazirligining ma'lum qilishicha, imtihondan oldin abituriyentlarga test hududiga taqiqlangan narsalar olib kirish mumkin emasligi haqida ogohlantirilgan bo‘lsa ham, ichkariga turli narsalar olib kirish holatlari kuzatilmoqda.

IIV abituriyentlarga qay holatlarda imtihondan chetlatilishi mumkinligini yana bir bor eslatdi.

Qayd etilishicha, Vazirlar Mahkamasining “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta'lim muassasalarining bakalavriatiga o‘qishga qabul qilish uchun kirish test sinovlarini o‘tkazish tartibi to‘g‘risidagi” nizomda test topshirish tartib-qoidalari belgilangan

Hujjatga ko‘ra, abituriyent test sinovlari o‘tkaziladigan hududga yoki binoga kirishda mikrokalkulyator, lug‘at, jadval, kitob, uyali telefon, kompyuter, telekommunikatsiya qurilmalari va boshqa vositalar, shpargalkalar olib kirishga harakat qilsa, olib kirgan bo‘lsa yoki ulardan test sinovlari davomida foydalansa, u imtihondan chetlashtiriladi.

Shuningdek, test materiallarini boshqa abituriyentga uzatsa yoki yordam bersa, ularni binodan tashqariga olib chiqsa, test topshiriqlari kitobi varag‘ini yirsa yoki test sinovlari uchun ajratilgan vaqt tugaganidan so‘ng test materiallarini topshirishdan bosh torsa, jarayonda videokuzatuv orqali abituriyentning tartib va qoidalarga amal qilmaganligi aniqlansa ham, testdan chetlashtirilishi va uning natijasi chiqarilmasligi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, imtihonning birinchi kuni 59 nafar abituriyent, ikkinchi kuni esa 115 nafar abituriyent imtihondan chetlatilgan.

Mavzu
Qabul-2020
20 iyun kuni OTMlarga hujjat qabul qilish boshlandi. Imtihonlar 1 avgust kuni boshlanishi rejalashtirilmoqda.
Barchasi
Top