22:43 / 07.09.2020
21181

Saakashvili nomzodi Gruziya bosh vaziri lavozimiga ilgari surildi

Gruziyaning muxolif partiyasi “Yagona milliy harakat” partiya asoschisi Mixail Saakashvili nomzodini Gruziya bosh vaziri lavozimiga ilgari surdi. 

Mixail Saakashvili / Foto: Reuters

“Yagona milliy harakat va muxolifatga kiruvchi barcha partiyalar Saakashvili nomzodini Gruziya bosh vaziri lavozimiga ilgari surish haqida qaror qabul qildi”, deb ma'lum qilgan partiya raisi Grigol Vashadze.

Gruziyada qidiruvda bo‘lgan Saakashvili 27 avgustda vataniga qaytmoqchiligini ma'lum qilgan. Gruziyada 31 oktyabrda parlament sylovlari bo‘lib o‘tadi. Saakashvili o‘z bayonotida oxirgi yillar ko‘p narsalardan o‘tganini va “o‘z davlatiga xizmat qilish va xatolarga yo‘l qo‘ymaslik uchun” yetarlicha tajriba va bilimga ega bo‘lganini ta'kidlab o‘tgan. Shu bilan birga, u prezidentligi vaqtida noto‘g‘ri ishlar qilganini tan olgan.

Hozirda Ukrainada Islohotlar bo‘yicha milliy kengash ijroiya qo‘mitasi rahbari lavozimini egallayotgan siyosatchi Ukrainani “ikkinchi uyi” deb atagan.

Bu orada Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy ofisida Saakashvili Ukrainadagi ishini davom ettirishiga ishonishlari aytilgan. Saakashvilining Gruziyaga ketmoqchiligini esa “u ko‘pincha ortiqcha his-hayajonlarga berilishi” bilan tushuntirilgan.

Gruziya adliya vaziri Teya Tsulukiani Saakashvilining Gruziyaga qaytmoqchiligiga izoh berar ekan, uni vatanida qamoq jazosi kutayotganini eslatib o‘tgan.

Ta'kidlanishicha, Saakashvilini Gruziyada 25-30 foiz aholi qo‘llab-quvvatlaydi. “Saakashvilinining tarafdorlari uning hibsga olinishiga qarshilik ko‘rsatishi mumkin, biroq ular bunga erishishlari dargumon. U har qanday vaziyatda panjara ortiga tushadi – gruziyaliklar sobiq prezidentga erkinlikda bamaylixotir yurishiga yo‘l qo‘ymasliklarini aytishgan. Ular uchun eng maqbul variant – Saakashvilining buyog‘iga ham emmigratsiyada qolishi hisoblanadi”, deb ta'kidlab o‘tdi ukrainalik va rossiyalik siyosatshunos Rostislav Ishchenko.

Saakashvili Gruziya prezidenti lavozimini 2004 yil yanvardan 2013 yil noyabrgacha egallagan. U vatanini prezidentlik vakolatlari tugashiga bir necha kun qolganda 2013 yilda tark etgan. Shundan keyin unga Gruziyada 4 ta jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Ulardan ikkisi bo‘yicha sirtdan hukm chiqarib bo‘lingan. Ularga ko‘ra sobiq prezidentni vatanida 11 yillik qamoq jazosi kutmoqda. 2015 yilda Saakashvili Gruziya fuqaroligidan mahrum etilgan.

Mavzuga oid
Top