13:39 / 08.09.2020
55758

Avtomashinalar endi jarima maydoniga qo‘yilmaydimi?

Mening fikrim veb-portaliga fuqarolardan Avtotransport vositasining sug‘urtasi yo‘qligi tufayli avtotransport egasiga ma'muriy jarima qo‘llagan holda avtotransport vositasini jarima maydoniga qo‘yish amaliyotini bekor qilish haqidagi taklif bilan murojaat qilingan va mazkur murojaat portalda 10 000dan ortiq ovoz to‘plagan edi.

Qonunchilik palatasining 8 sentabr kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi majlisida ushbu murojaatdan kelib chiqib, Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi deputatlari tomonidan qonunchilik tashabbusi huquqi asosida tayyorlangan Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 291-moddasiga tegishli o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutuvchi qonun loyihasi birinchi o‘qishda muhokama qilindi.

Parlament saytida yozilishicha, qonun loyihasida transport vositalari egalarining fuqarolik javobgarligini majburiy sug‘urta qilish bo‘yicha sug‘urta polisi yonida bo‘lmagan haydovchilar transport vositalarini boshqarganda Davlat yo‘l harakati xavfsizligi xizmati xodimlari tomonidan transport vositasini ushlab turishni bekor qilish nazarda tutilmoqda.

Deputatlarning fikriga ko‘ra, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksida belgilangan avtotransport vositasining sug‘urta polisi yo‘qligi uchun transport vositalarini ushlab turish amaliyotining bekor qilinishi oqibatida bunday qoidabuzarlik holatiga nisbatan jazo bazasini qisqartirish hamda fuqarolarning mulkka bo‘lgan huquqlarini kuchaytirish hamda bu orqali korrupsiogen holatlarining oldini olish imkonini beradi.

Top