15:37 / 09.09.2020
18944

Inqirozdan chiqish rejasi. Belarusda konstitutsiyaga o‘zgartirish kiritilib, yangi saylovlar o‘tkazilishi mumkin

Belarus hukumati Rossiya hamda Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti vakillari bilan birgalikda ichki siyosiy inqirozdan chiqish rejasini ishlab chiqdi. Bu haqda RBK nashri xabar bergan.

Foto: EPA / Scanpix / LETA

Reja 2022 yilgacha Belarus Konstitutsiyasiga prezident vakolatlarining bir qismini hukumat va parlamentga berishni, shundan keyin mamlakatda yangi prezidentlik va parlament saylovlari o‘tkazish bo‘yicha o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.

28 avgust kuni Venada YeXHT doimiy kengashining Belarusdagi vaziyat muhokamasiga bag‘ishlangan maxsus yig‘ilishi o‘tkazilgandi. RBK manbalari ma'lum qilishicha, unda Minsk vakili ham ishtirok etgan, u o‘z chiqishida konstitutsion islohotlar, Aleksandr Lukashenkoning hisob bo‘yicha oltinchi bo‘lgan besh yillik muddati davomida yangidan saylovlar o‘tkazish - yagona yo‘l ekanini ta'kidlagan.

Minsk vakili konstitutsion islohotlar davomida Belarus siyosiy tizimlari liberallashuvi, siyosiy partiyalar roli oshishi va saylov qonunchiligi o‘zgarishiga ishonch bildirgan. Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar referendum orqali kiritilishi rejalashtirilmoqda — Lukashenko ham avgust oyidagi prezidentlik saylovlaridan oldin shuni va'da qilgandi.

Belarus Konstitutsiyasiga tuzatishlar loyihasi allaqachon tayyor bo‘lgan. Uni Konstitutsion sud raisining o‘rinbosari Natalya Karpovich rahbarligidagi sudyalar guruhi ishlab chiqqan. RBK Rossiyadagi «Belarus yo‘nalishida ishlaydigan» vazirliklardan biridagi manbasiga asoslanib xabar berishicha, hujjat hali Lukashenko tomonidan tasdiqlanmagan. 

RBK suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda muddatidan avval prezidentlik va parlament saylovlarini o‘tkazish masalasi Rossiya TIV hamda Belarus o‘rtasida 2 sentyabrdagi muzokaralarda ham o‘rtaga tashlangan.

«Aslida bu muxolifat taklif qilayotgan tashabbus, biroq jarayon nisbatan xotirjam muhitda o‘tadi», degan RBK manbalaridan biri. U yangi saylovlargacha Lukashenko o‘zi uchun xavfsizlik kafolatlarini ta'minlab olishi kerakligini qayd etib o‘tgan.

Lukashenko bungacha ham bir necha marta muddatidan avvalgi saylovlar faqat konstitutsion islohotlardan keyingina o‘tkazilishi mumkinligi haqida gapirgandi. U 2016 yildan beri konstitutsion islohotlar haqida gapirib keladi, ammo aniq muddatni aytmagan. Shuningdek, U Konstitutsiyaning yangi tahriri jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishini ham aytgan. Hozircha hujjat omma e'tiboriga havola etilmadi.

Mavzu
Belarus-2020
2020 yilning 9 avgustida Belarusda prezidentlik saylovlari o‘tkaziladi. 26 yildan buyon mamlakatni boshqarayotgan Lukashenko bu safar ham nomzodini qo‘ygan.
Barchasi
Mavzuga oid
Top