23:14 / 09.09.2020
71069

«Ishonch yo‘q deganimda yuzaga chiqqan haqiqatni ko‘rdim». Kusherbayev guvoh sifatida qatnashgan sud ishida hukm e'lon qilindi

«Qo‘shyog‘och oltin fayzli baliqlari» MChJ rahbari Javohir Zokirjonovga nisbatan sud hukmi e'lon qilindi. Ushbu jinoyat ishi sud tergovida deputat Rasul Kusherbayev ham guvoh sifatida so‘roq qilingandi, deb xabar bermoqda Kun.uz muxbiri.

9 sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Oqqo‘rg‘on tuman sudining sudyasi ​Jahongir Saidov ishni ko‘rishda davom etib, tomonlar muzokara nutqini tingladi.

Davlat ayblovchisi Shahriyor Beknazov dastlabki tergov organi tomonidan sudlanuvchiga nisbatan ayblov Jinoyat kodeksining 167-moddasi 3 qismi «a» bandida ko‘rsatilgan jinoyat bo‘yicha to‘g‘ri malakalangan, degan xulosa keldi.

Shahriyor Beknazov

«Sudlanuvchining jamoat himoyachisi o‘z nutqlarida asosiy urg‘uni Jinoyat protsessual kodeksining 325-moddasi («jabrlanuvchining shikoyatiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atish») 2-qismiga qaratdi. Ya'ni Jinoyat kodeksining 167, 170, 172, 173-moddalarida nazarda tutilgan va ustav fondida davlat ulushi bo‘lmagan yuridik shaxsga nisbatan uning xodimi tomonidan sodir etilgan jinoyatlar to‘g‘risidagi jinoyat ishlari faqat mazkur yuridik shaxs rahbarining, mulkdorining yoki vakolatli boshqaruv organining arizasiga ko‘ra qo‘zg‘atilishi e'tirof etilgan. 

Agar MChJ xodimi tomonidan jamiyat mulki talon-toroj qilganlik holati aniqlanganda, MChJ rahbariyati tomonidan ariza berilgandagina jinoyat ishi qo‘zg‘atilishi mumkinligi bildirilgan. Shuning uchun, jamoat himoyachisining e'tirozi mazkur ishga taaluqli emas...

Sudlanuvchi Javohir Zokirjonov o‘ziga nisbatan e'lon qilingan aybga dastlabki tergov va sud majlisida umuman iqror emasligini bildirsa-da, uning aybi o‘zining tushuntirish xati, sud tovarshunoslik ekspertizasining xulosasi, Toshkent viloyati Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish boshqarmasining xulosasi, Toshkent viloyati avtomobillar yo‘llari hududiy bosh boshqarmasi mas'ul mutaxassisi tomonidan tuzilgan dalolatnoma va chizmalari, B.Dadaxo‘jayevning xulosasi hamda guvohlarning so‘roq qilish jarayoni, jinoyat ishida boshqa to‘plangan hujjatlar bilan ham to‘liq isbotini topgan, deb o‘ylayman», –​ deya muzokara nutqini bildirdi u.

Davlat ayblovchisi suddan sudlanuvchi Zokirjonovga 7 yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlanishini so‘radi. Shuningdek, sudlanuvchidan davlatga yetkazilgan zarar, ya'ni 600 789 105 so‘m pul mablag‘i undirilishi so‘raldi.

Advokat Umid Davlatov esa fuqaroviy da'vogar sifatida ko‘rsatilgan tuman hokimiyati vakillari sudda ishtirok etmagani, vakilning ta'kidlangan summaga da'vosi bor yo yo‘qligi noma'lum ekanini bildirdi.

«Jinoyat protsessual kodeksining 35-moddasida («tergovchi»​) jinoyat ishi bo‘yicha dastlabki tergov prokuratura, ichki ishlar organlari va davlat xavfsizlik xizmati tergovchilari tomonidan olib borilishi mumkinligi qat'iy belgilab qo‘yilgan. Bizning holatda esa ushbu jinoyat ishi Yangiyo‘l tuman prokurorining katta yordamchisi tomonidan olib borilgan. Shuningdek, ushbu kodeksning 36-moddasida («tergovchining vakolatlari») tergovchi vakolatlari ma'lum qilingan.

Umid Davlatov

Ushbu jinoyat ishi yuzasidan dastlabki tergov bir tomonlama, faqat Javohir Zokirjonovni ayblash maqsadida olib borilgan. Masalan, qachon va qancha hajmda shag‘al olib chiqilgani aniq isbotlab berilmagan. Agar voqea joyidan shag‘al olib chiqilgan​ bo‘lsa, hech bir mashina va hech bir shaxs jinoyat ustida qo‘lga olinmagan. Bu yo‘nalishda umuman tergov harakatlari bo‘lmagan», – deydi himoyachi.

Umid Davlatov himoyasi ostidagi Javohir Zokirjonov dastlabki tergov davrining jarayonlari video tasvirga olinmaganiga urg‘u berdi. U tuman prokuratura binosi kameralar bilan jihozlanmagani to‘g‘risida keltirilgan vaj JPK talablarini buzishga asos bo‘la olmasligini bildirdi.

Advokat Davlatov suddan Javohir Zokirjonovga nisbatan oqlov hukmini chiqarib, uni darhol sud zalidan ozod etishni so‘radi.

Javohir Zokirjonov o‘z so‘zida jinoyat ishi ochilgandan buyon protsessual harakatlar bir tomonlama yuritilganini e'tirof etdi. U suddan o‘ziga nisbatan oqlov hukm chiqarishini so‘radi. 

Sudya maslahat uyida to‘plangan dalillar va sud tergovi davomida aniqlangan holatlar, guvohlarning ko‘rgazmasini o‘rganib chiqib, hukmni e'lon qildi. Unga ko‘ra, Javohir Zokirjonovga nisbatan ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan boshqa jazo tayinlandi.

Shuningdek, u davlat foydasiga 42 million yetkazilgan zararni qoplashi belgilandi. Sudya hukmning barcha qismlari bo‘yicha ma'lumot berib, tomonlarga tushuntirish berdi.

Sud majlisi yakuniga yetgach, Javohirning onasi Nodira Qo‘ziyeva Kun.uz'ga intervyu berib, o‘z kechinmalari haqida gapirdi.

«Insoniylik yo‘q, ishonch yo‘q degan joyimdan chiqqan haqiqatni ko‘rdim. Sudya Jahongir Saidovga minnatdorchilik bildiraman. Ular adolatli hukm chiqarganidan roziman. Yaxshilar bor bo‘lsin», – deydi sevinib Nodira opa.

Javohirning o‘zi ham sud hukmidan mamnun ekanini bildirib, endilikda tadbirkorlik faoliyatini davom ettirishini ma'lum qildi.​

Eslatib o‘tamiz, mazkur jinoyat ishi doirasida sudlanuvchi Javohir Zokirjonov Yangiyo‘l tuman prokurori katta yordamchisi Javonsher Rustamov tomonidan ruhiy bosimga uchragani, prokuratura rasmiysi undan Oliy Majlis deputati Rasul Kusherbayevga qarshi ko‘rsatma berishni talab qilganini iddao qilgandi. Javonsher Rustamov sud majlisida bularni inkor qildi.

Alisher Ro‘zioxunov tayyorladi.

Tasvirchi va montaj ustasi –​ Nuriddin Nursaidov

Mavzuga oid
Top