11:55 / 10.09.2020
5079

«O‘zbekneftgaz»: Ishlab chiqarish, qayta ishlash va neft bazalarida avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimi joriy qilinmoqda

O‘zbekiston Respublikasi prezidenti Shavkat Mirziyoyevning «Raqamli iqtisodiyot va elektron hukumatni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 2020 yil 28 apreldagi qarori bilan 2020–2022 yillarda «O‘zbekneftgaz» AJda uchta loyihaning amalga oshirilishi vazifasi belgilab berilgan.

Qarorga muvofiq, «O‘zbekneftgaz» AJ tizimidagi korxonalarda moliyaviy, xo‘jalik va tashkiliy jarayonlarni monitoring qilish va boshqarishga yo‘naltirilgan korporativ axborot tizimini (SAP ERP) joriy qilish, «Raqamli kon konsepsiyasi» hisobida konlardagi texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va monitoring qilish axborot tizimini joriy qilish, «O‘zbekneftgaz» AJ ga qarashli  neft bazalarining vertikal va gorizontal sig‘imlarining sath-o‘lchagichlarini o‘rnatish, nazorat va kuzatish uchun avtomatlashtirilgan tizim ishlab chiqish vazifasi belgilab berilgan.

Ushbu ishlarni amalga oshirish uchun «O‘zbekneftgaz» AJ O‘zbekiston Respublikasi axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, «UZINFOCOM» davlat unitar korxonasi, «Kiberxavfsizlik markazi» davlat unitar korxonasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan bo‘lib, tizimda korporativ axborot tizimini (SAP ERP) joriy etish loyihasini amalga oshirish yuzasidan ijobiy ekspert xulosalari olindi.

«Raqamli kon konsepsiyasi» hisobida konlardagi texnologik jarayonlarni avtomatlashtirish va monitoring qilish axborot tizimini joriy qilish yuzasidan Sho‘rtan, Muborak, Gazli neft va gaz qazib chiqarish boshqarmalari, Ustyurt gaz qazib chiqarish boshqarmasi, Muborak gazni qayta ishlash zavodi, Sho‘rtan gaz-kimyo majmualaridagi texnologik qurilmalarning ishlash rejimlari va ma’lumotlarini «O‘zbekneftgaz» AJ Markaziy dispetcherlik xizmatiga onlayn tarzda ko‘rsatish bo‘yicha ishlari deyarli yakunlandi.

Jumladan, «O‘zbekneftgaz» AJning ma’muriy binosida Markazlashgan dispetcherlik xizmatini tashkil etishda zamonaviy texnologiyalar bilan ta’minlash ishlari olib borildi va nazorat o‘lchov asboblarini montaj qilish, videodevor o‘rnatish va ularni dasturga qo‘shish ishlari «O‘zbekneftgaz» AJning malakali mutaxassislari tomonidan karantin qoidalariga to‘liq rioya qilingan holda olib borilmoqda.

«O‘zbekneftgaz» AJga qarashli neft bazalari vertikal va gorizontal sig‘imlarining sath-o‘lchagichlarini o‘rnatish, nazorat va kuzatish uchun avtomatlashtirilgan tizim ishlab chiqish loyihasi yuzasidan neft bazalarida ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatishni nazorat va monitoring qilish uchun avtomatlashtirilgan tizimni joriy qilish amalga oshirilmoqda. 

Axborot kommunikatsiya texnologiyalari departamenti tomonidan tajriba loyihasi sifatida «Kuchlik neftbaza» MChJda avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini joriy qilish bo‘yicha «O‘zbekneftgaz» AJ ishlari boshlandi.

«Kuchlik neftbaza» MChJda tayyor mahsulotlar parklarida neft mahsulotlarining hisobini olish avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimini (ASKUNN) joriy  etish bo‘yicha «EMERSON» kompaniyasi, «Maxsusenergogaz» AJ, «AZS Komplekt» MChJ mutaxassislari bilan hamkorlik qilinmoqda.

Hozirda «Kuchlik neftbaza» MChJda «Iokogava elektrik SNG» MChJ (Rossiya) yechimlari asosida 5000 va 2000 kub metr vertikal sig‘imlarga dasturlashtirish imkoni mavjud bo‘lgan «Jumo» sath-o‘lchash qurilmasi o‘rnatildi va dispetcherlik tizimida onlayn rejimiga chiqarildi.

«O‘zbekneftgaz» AJ Matbuot xizmati Ⓣ

Top