16:55 / 11.09.2020
3136

Himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi - Senat

Senat yalpi majlisida «O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonun muhokama qilindi.

Foto: Senat matbuot xizmati

Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Botir Matmuratov qonun bilan 17ta qonunga, xususan, 8ta kodeks va 9ta qonunga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritilayotganini aytib o‘tdi. O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi, Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi, Mehnat kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Oila kodeksi, Iqtisodiy protsessual kodeksi, Bojxona kodeksi va Soliq kodeksi shular jumlasidandir.

Xususan, «Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida»gi Qonuni bilan himoya orderi ta'sis etilgan edi. Lekin ushbu himoya orderida nazarda tutilgan cheklovlarni bajarmaganlik uchun qonun hujjatlarida javobgarlik masalasi ochiq qolgan. Shu bois tazyiq o‘tkazishga va (yoki) zo‘ravonlik sodir etishga moyil bo‘lgan yoki ularni sodir etgan shaxs tomonidan himoya orderi talablarini bajarmaganlik uchun ma'muriy javobgarlik belgilandi va bu cheklovlarning bajarilishini yana bir bor kafolatladi.

O‘z o‘rnida «Davlat boji to‘g‘risida»gi Qonun yangi band bilan to‘ldirilib, unga ko‘ra tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga yetkazilgan ma'naviy va moddiy zararning o‘rnini qoplash to‘g‘risidagi da'volar yuzasidan da'vogar fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlarda davlat bojini to‘lashdan ozod qilindi.

Shuningdek, kiritilayotgan o‘zgartirishlarga ko‘ra Jinoyat kodeksining «Mehnat qilish huquqini buzish» uchun javobgarlik belgilovchi moddaning tegishli qismi yangi tahrirda bayon etilib, unga ko‘ra jabrlanuvchi taraf nafaqat yosh bolaning onasi, balki parvarish qilayotgan unga yaqin boshqa shaxs ham bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatildi.

Xalqaro shartnomalarda boshqacha shartlar kelishilmagan bo‘lsa, xorijiy tashuvchilarga tegishli bo‘lgan avtotransport vositalarida yuk va yo‘lovchilarni respublikamiz hududida joylashgan punktlar o‘rtasida tashish (kabotaj) taqiqlangan. Shu sababli O‘zbekiston Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi boshqa davlatlarda ro‘yxatdan o‘tkazilgan yuklarni va (yoki) yo‘lovchilarni tashish uchun mo‘ljallangan avtotransport vositalaridan qonunga xilof ravishda foydalanish uchun javobgarlik belgilangan yangi modda bilan to‘ldirilmoqda.

Davlat ekologiya qo‘mitasi inspektorlarining qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilish, ularning ko‘rsatmalarini bajarmaslik va boshqa noqonuniy holatlarning ko‘plab uchrayotganini hisobga olib, javobgarlikni kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Ma'muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksi tegishli yangi modda bilan to‘ldirilmoqda.

Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Top