18:10 / 15.09.2020
9454

Chiqindi tashlash odatingizni o‘zgartirib, muhtojlarga yordam bering - Toshkentda yangi ijtimoiy loyiha

Hashar Week – O‘zbekistonda ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish bo‘yicha tashabbuslarni ilgari surayotgan faol ijtimoiy loyihalardan biri. Loyiha yaqinda ham tabiat, ham insonlar uchun foyda keltiruvchi g‘oyani ilgari surdi: buning uchun shunchaki maishiy chiqindini saralab, belgilangan joyga topshirish kifoya.

Hashar Week loyihasi muallifi va rahbari Suna Park bu qanday amalga oshishi haqida batafsil so‘zlab berdi.

— Maqsadimiz – ko‘plab odamlarning chiqindini bir marta saralashlari emas, balki kamroq odam bo‘lsa ham, bu ishni o‘z odatlariga aylantirishlaridir. Odamlar shunchaki chiqindini saralash bilan cheklanib qolmasdan, har bir xaridlari haqida – uning qanday qadoqqa egaligi, bo‘shagan idish/qadoqning keyingi taqdiri nima bo‘lishi haqida o‘ylanishlari, tahlil qilishlari kerak.

«Chiqindingiz bilan yordam bering» g‘oyasi pandemiya vaqtida tug‘ildi. U ikkita maqsadni ko‘zda tutadi: pandemiya davrida ishsiz qolib, moddiy tang vaziyatga tushganlarga yordam berish va chiqindini saralash orqali tabiatga yetadigan zararni kamaytirish.

O‘z-o‘zini izolyatsiya qilish davrida ham odamlarni qayerda «tutish» mumkin? Chiqindixonada. Chunki hamma baribir chiqindi tashlagani chiqadi.

Shunday qilib, odamlarda chiqindini saralash ko‘nikmasini shakllantirish, muhtojlarga yordam berish, ekologik aksiya – bularning barchasini birgina tashabbus orqali ro‘yobga chiqarishga harakat qildik.

Loyihaning ishlash mexanizmi haqida

— Tashabbusni qo‘llab-quvvatlash uchun odamlardan nima talab etiladi? Kundalik turmushda hosil bo‘ladigan chiqindini saralash (plastik va qog‘oz) va Toshkent shahrida mavjud yettita chiqindi qabul qilish punktiga topshirish kerak. Punkt xizmatchilari chiqindini qayta ishlovchi korxonalarga topshirishadi va bundan tushgan mablag‘ hisobiga ehtiyojmand oilalar uchun oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari xarid qilib, yetkazib beriladi.

Chiqindini saralayotganda ularning qoldiqlardan xoliligi, tozaligiga e'tibor qaratish so‘raladi. Hajmi katta chiqindilar imkon qadar ixcham holatga keltirilishi kerak.

Tashabbusni qo‘llab-quvvatlash istagida bo‘lganlar tashkilotchilar bilan bog‘lanib (+998 90 037 07 24 raqamiga ochilgan Telegram orqali) ekopasportni qo‘lga kiritishlari kerak. Har gal saralangan chiqindi punktga topshirilganda ekopasportga uning hajmi kiritib boriladi.

Loyiha 8 iyuldan ish boshladi. O‘tgan davrda punktlar orqali 100 kg plastik va 200 kg qog‘oz qabul qildik. Ularni qayta ishlashga topshirish orqali 281 400 so‘m mablag‘ jamlandi. Tashkilotchilar tomonidan buning ustiga yana qo‘shimcha mablag‘ qo‘shib, jami 532 000 so‘mga 5ta oilaga oziq-ovqat mahsulotlari yetkazib berildi. Ehtiyojmand oilalarni topish uchun «Yaqinlar» botidan foydalanmoqdamiz.

Tashabbusni ko‘proq odamlar qo‘llab-quvvatlashlarini istaymiz. Bu oy 100 nafar oilaga, uysiz kishilarga yordam berish ko‘zda tutilgan.

Topshirilgan har bir kg chiqindi va undan tushadigan mablag‘ning hisob-kitobi yuritiladi.

Ko‘pchilik ishtirok etishni istaydi, ammo chiqindini punktga topshirish uchun bir tumandan boshqasiga borishga ham to‘g‘ri kelyapti. Biz bunday harakatlarni juda qadrlaymiz.

«Hashar Week – manfaatlarsiz, ijtimoiy loyiha»

— Biz hech qanday tijoriy manfaatni ko‘zlamaydigan ijtimoiy loyiha sifatida faoliyat yuritamiz. Uchta yo‘nalishda – davlat, biznes tuzilmalari va aholi bilan ishlash orqali ekologik muammolarni yechishda tashabbuslar bilan chiqamiz. Chunki tashabbuslar shu har uch yo‘nalishni qamrab olsagina samarali siyosat yuritish mumkin bo‘ladi.

Ekologiya himoyasiga qaratilgan bir necha loyihalarimiz bor. Yashil ofis tashabbusi orqali ishxonalarda elektr, suv resurslarini tejash tizimini joriy qilish, binoni tabiatga xavfsiz shaklda loyihalashtirish uchun konsalting xizmatlari ko‘rsatiladi.

«Yashil qahvaxona» loyihasida bir martalik salfetka, naychalar, idishlardan foydalanishni qisqartirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berilsa, «yashil xonadon» chiqindilarni saralangan holda tashlash imkonini beruvchi tizim yaratishni ko‘zda tutadi.

Saodat Abdurahmonova suhbatlashdi.

Top