09:17 / 16.09.2020
11012

AQSh Xitoyga JSTdagi bahsni yutqazdi. Tramp JSTga qarshi chora ko‘rish bilan tahdid qildi

AQShda prezident Donald Tramp tashabbusi bilan 2018 va 2019 yillarda Xitoy tovarlariga boj to‘lovlarining oshirilgani Jahon savdo tashkiloti qoidalariga zid keladi. Bunday fikrga JSTning hakamlik sudi keldi.

Foto: Getty Images

Xitoy 2018 yilda o‘z tovarlarining AQShga yetkazilishiga boj to‘lovlari keskin oshirilgani yuzasidan JST hakamlik sudiga arz qilgan.

“Ushbu choralar 1994 yilda tuzilgan tariflar va savdo bo‘yicha bosh kelishuvning bir qator moddalariga to‘g‘ri kelmaydi”, deb ta'kidlangan hakamlik sudi chiqargan qarorda.

Hakamlarning fikricha, AQSh ko‘rgan choralari bu kelishuvga muvofiq oqilona bo‘lganini ko‘rsata olmagan. 

AQSh prezidenti Donald Tramp JSTning bu qaroriga izoh berib, xalqaro tashkilotga qarshi choralar ko‘rish bilan tahdid qilgan.

“Biz JSTni nimadir qilishimiz kerak, chunki u Xitoyga suvdan quruq chiqishga imkon bermoqda”, deb aytgan Tramp.

U, shuningdek, JSTga ishonmasligini ta'kidlab o‘tgan. “Ochiqchasiga aytishim mumkin, men JSTning katta muxlisimasman”, deb aytgan Oq uy rahbari. 

AQSh 2018 yilda Xitoy tovarlariga boj to‘lovlarining keskin oshirishi zaruratini yetarlicha darajada asoslay olmagan. Gap 234 mlrd dollarlik tovarlar haqida bormoqda.

Top