00:41 / 16.09.2020
8580

Rossiya O‘zbekistonga yangi elchi tayinlaydi - OAV

Foto: migrant.ru

Rossiya tashqi ishlar vazirligining xorijdagi vatandoshlar bilan ishlash departamenti boshlig‘i Oleg Malginov Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi lvozimiga tayinlanadi. Bu haqda TASS axborot agentligi Rossiya davlat dumasidagi manbaga tayanib xabar berdi. 

“Malginov O‘zbekistonga elchi etib tayinlanmoqda. O‘zbekiston biz uchun strategik muhim davlat hisoblanadi”, deb ta'kidlab o‘tgan manba.

Ayni vaqtda Rossiyaning O‘zbekistondagi elchisi lavozimini 2009 yil noyabrdan beri Vladimir Tyurdenev egallab kelmoqda.

Ma'lumotlarga ko‘ra, Malginov diplomatiya sohasida 1979 yildan beri faoliyat yuritib keladi. 1979-1983 yillar davomida sobiq ittifoqning Hindistondagi elchixonasida ishlagan. 1993 yilgacha esa avval sobiq ittifoq, keyinchalik esa Rossiya tashqi ishlar vazirligining inson huquqlari departamenti rahbari o‘rinbosari lavozimini egallagan. 

Malginov 1994 yildan 1999 yilgacha Rossiyaning BMTdagi va Jyenevadagi boshqa xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakolatxonasi yetakchi maslahatchisi, keyinchalik esa Rossiya tashqi ishlar vazirligining xalqaro insonparvarlik hamkorligi va inson huquqlari departamenti direktori o‘rinbosari bo‘lib ishlagan.

Diplomat 2003 yildan 2006 yilgacha Rossiyaning Bangladeshdagi elchisi, 2011-2016 yillarda esa Ruminiyadagi elchisi lavozimlarini egallagan.

Avvalroq, avgustda Rossiya prezidenti Vladimir Putin Rossiyaning Gambiya, Senegal va Gabondagi elchixonalari rahbarlarini o‘zgartirgandi. Senegal va Gambiyadagi elchixonalarga Dmitriy Kurakov, Gabondagi elchixonaga Ilyos Iskandarov rahbar etib tayinlangan.

Top