08:22 / 17.09.2020
5662

AQShdagi yong‘inlar tutuni Yevropagacha yetib bordi

AQSh g‘arbida davom etayotgan tabiiy yong‘inlardan tarqalayotgan tutun nafaqat AQShning sharqiy sohillarigacha, balki Yevropaning shimolidagi bir qator davlatlargacha yetib bordi. Bundan Yevropaning atmosferani monitoring qilish xizmati (CAMS) ma'lum qildi

“AQShda joriy yildagi yong‘in faolligini avvalgi yillardagi bilan solishtirib, CAMS joriy yilda ushbu faollik 2003-2019 yillardagi o‘rtacha ko‘rsatkichdan o‘nlab yoki hattoki yuzlab marta yuqori bo‘lganini aniqladi”, deb ma'lum qilingan xabarda.

Ekspertlarning ta'kidlashicha, yong‘inlar tutuni Shimoliy Amerika, AQSh va Kanada atmosferasiga tarqalgan, so‘ngra 8 ming kmdan olisroqda joylashgan Yevropaning shimoligacha yetib borgan. Prognozlarga ko‘ra, bu holat kelayotgan dam olish kunlari (19-20 sentabr) takrorlanadi. O‘shanda tutun yana Atlantika okeanini kesib o‘tadi.

AQShdagi yong‘inlar atrof-muhitga katta hajmda tutun chiqishiga va atmosferaning ifloslanishiga olib kelgan. Oxirgi kunlar ko‘pchilik shtatlarda yong‘inlar faolligi pasaygan bo‘lsa-da, atmosferada kuchli tutunlanganlik qolmoqda. Olimlarning fikricha, tutunning sharq tomon tarqalishiga ob-havo sharoitlari ko‘mak bermoqda.

AQShda yirik o‘rmon yong‘inlari avgustdan beri davom etmoqda. Bunga anomal issiq havo va chaqmoqlar sabab hisoblanadi. Yong‘inlar bilan bog‘liq eng og‘ir vaziyat Oregon, Kaliforniya, Aydaxo va Vashington shtatlarida saqlanib qolmoqda. Yong‘inlar oqibatida 30dan ko‘proq kishi halok bo‘lgan, bir necha o‘n kishi bedarak yo‘qolgan. Oxirgi ma'lumotlarga ko‘ra, mamlakat g‘arbida 87 ta yirik yong‘in o‘chog‘i qolmoqda, ularning umumiy maydoni 2 mln gektarga yaqinlashmoqda.

Top