15:08 / 17.09.2020
5487

Onkologik kasalliklarni erta aniqlashda muhim bo‘lgan tizim yo‘lga qo‘yildi

Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialida patomorfologiya tekshiruvlarini tashkil etish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolandi.

— Sog‘liqni saqlash vazirligi va “Ipsum Pathology” MChJ o‘rtasida Respublika ixtisoslashtirilgan onkologiya va radiologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi Toshkent shahar filialida patomorfologiya tekshiruvlarini tashkil etish bo‘yicha davlat-xususiy sheriklik bitimi imzolandi,  — deydi Sog‘liqni saqlash vazirligi Davlat xususiy sheriklik va tibbiy turizmni rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i Kamolxo‘ja Eshnazarov. — Bitimga asosan, “Ipsum Pathology” MChJ 3,5 mlrd so‘m miqdorida investitsiya kiritish orqali onkologik kasalliklarni aniqlashda o‘ta muhim bo‘lgan patomarfologik laboratoriya tekshirishlarini bugungi bozor narxidan arzon narxlarda, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish orqali xalqaro standartlarga mos ravishda tashkil qilishi belgilab qo‘yilgan edi.

Loyiha doirasida ishlar boshlab yuborilgan. Avvalo, 15 ta yangi ish o‘rni yaratilib, murakkab laboratoriya tahlillari aniqlik bilan sifatli bajarila boshlandi. Ushbu loyihaning ishga tushishi bemorlarda o‘tkaziladigan tahlillarni olish muddati avvalgi 7-10 kundan 3-4 kunga qisqartirdi. Bu esa bemorlarning shifoxonada bo‘lish davrini deyarli ikki barobarga kamaytirdi.  

Bundan tashqari, laboratoriya tahlil natijalarini elektron shaklda saqlash va uzatish, o‘ta yuqori aniqlik bilan xulosalar berish imkoniyati paydo bo‘ldi. Zarur bo‘lganda, nafaqat mahalliy, balki xorijiy davlatlarning malakali shifokorlariga tahlil natijalarini yuborib, maslahatlashish imkoni yaratildi. Bu esa aynan kasallikka to‘g‘ri tashxis qo‘yish va davolashni to‘g‘ri tanlash uchun qulay sharoit yaratadi. Laboratoriya tahlillari narxi ham boshqa xususiy tibbiyot muassasalariga nisbatan bir necha barobar arzon ekani diqqatga sazovor.

Ushbu loyihaning amalga tatbiq etilishi bemorlarga to‘g‘ri tashxis qo‘yish, samarali davolash, shuningdek, tibbiyot xodimlarining mehnat unumdorligini oshirishda ham muhim ahamiyatga ega bo‘ldi.

Top