12:51 / 18.09.2020
7143

Jizzaxda yirik miqdorda firibgarlik jinoyatini sodir etgan shaxsga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi

Sharof Rashidov tumanida yashovchi fuqaro Arnasoy tumani “Tinchlik” fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi 6 kishidan nasiyaga olgan 68 bosh mayda shoxli mollarini o‘zlashtirib yuborgan. 

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, bu shaxs dastlab fuqarolarning bir nechta chorva mollarini yaxshigina narxga olib, pullarni kelishilgan vaqtda yetkazib beradi.

Keyingi safar u yanada ko‘proq qo‘y olib ketgan va qorasini ko‘rsatmagan. Jabrlanuvchilar ichki ishlar organlariga murojaat qilishgan. 

G‘allaorol tumani Buloqboshi qishloq fuqarolar yig‘inida yashovchi, 1969 yilda tug‘ilgan B.J. ham bu shaxsdan aziyat chekkanlardan biri. U 2019 yilning dekabr oyida shu tumanning Olimlar mahallasida yashovchi, 1986 yilda tug‘ilgan F.M.dan “Neksiya” rusumli avtoulovni 55 million so‘mga savdolashib olgan. Aniqrog‘i, 25 million so‘mni naqd berib, qolganini bo‘lib-bo‘lib to‘lashga kelishganlar.

Ammo, ushbu avtoulov Toshkent shahrida yashovchi boshqa bir shaxsga tegishli bo‘lib chiqdi. “Neksiya”ning haqiqiy egasi avtoulovini shartnoma asosida bu shaxsga berganligi ma'lum bo‘ldi. Shu tariqa B.J. endi yetdim deganida, avtomashinasidan ajrab qoldi.

Jabrlanuvchi ichki ishlar organlariga ariza yozgan. Tergov va surishtiruv jarayonida F.M. G‘allaorol tumani Baxt mahallasida yashovchi, 1955 yilda tug‘ilgan A.J.dan “Neksiya” sotib olib, 28 million so‘m pulini bermasdan kelayotgani aniqlangan. Shuningdek, u Sharof Rashidov tumani Yangiobod mahallasida yashovchi, 1991 yilda tug‘ilgan B.E.dan ham “Neksiya” olib, 40 million 800 ming so‘mini bermagan.

Ayni vaqtda ushbu holatlar yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, jabrlanuvchilarga yetkazilgan zararlarni qoplash hamda ayblanuvchiga qonunda belgilangan javobgarlikni qo‘llash choralari ko‘rilyapti.

Mavzuga oid
Top