13:54 / 18.09.2020
5638

Xorazmda giyohvandlik vositasi sotayotgan ayol qo‘lga olindi

Holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

2020 yilning 7 sentabr kuni soat 22:50da Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi, IIB va DXX xodimlari bilan hamkorlikda tezkor tadbir o‘tkazilgan. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar bermoqda.

Tadbir davomida Urganch shahar 4-dahada yashovchi 50 yoshli F.O. (ayol) yashash xonadonida ikki bo‘lak polietilen paket bo‘lagiga o‘ralgan sof og‘irligi 28,49 gramm bo‘lgan “opiy” giyohvandlik vositasini qonunga xilof ravishda 12 000 000 so‘mga sotgan vaqtida ushlangan hamda giyohvand vositasi va pullar ashyoviy dalil tariqasida rasmiylashtirib olingan.

Shuningdek, F.O.ning yashash uyi xolislar ishtirokida ko‘zdan kechirilganda, xonadonda bir dona polietilen paket bo‘lakchasiga o‘ralgan sof og‘irligi 2,94 gramm bo‘lgan “opiy” giyohvandlik vositasini sotish maqsadida saqlab kelayotganligi aniqlangan va protsessual tartibda hujjatlashtirib olingan.

Holat yuzasidan Xorazm viloyati bojxona boshqarmasi tomonidan F.O.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 273-moddasi 5-qismi (giyohvandlik vositalarini ko‘p miqdorda qonunga xilof ravishda sotish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tegishliligi bo‘yicha Urganch shahri bo‘yicha IIO FMB huzuridagi Tergov bo‘limiga yuborilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha F.O. ayblanuvchi tariqasida jalb qilinib, unga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom ettirilmoqda.

Top