18:28 / 19.09.2020
5895

Ilon Maskning boyligi bir hafta ichida 13 milliard dollarga o‘sdi 

Tesla rahbari Ilon Maskning boyligi bir hafta ichida 13 milliard dollarga o‘sdi. Hozirda unga Tsukerbergni ortda qoldirib, dunyodagi eng badavlat to‘rtinchi tadbirkor bo‘lish uchun atigi yarim milliard dollar yetishmayapti.

Ilon Maskning boyligi bir hafta ichida 13 milliard dollarga oshdi - bu o‘tgan haftaning shu davriga nisbatan juma kuni birjadagi savdolar yopilgandan keyingi natija. O‘zgarishlar AQShning Forbes nashri tomonidan hisoblab chiqildi.

Maskning kapitali uning rahbarligidagi elektr avtomobillar ishlab chiqaruvchi Tesla aksiyalari narxining ko‘tarilishi tufayli ortdi. Kompaniya aksiyalari sarmoyadorlar 22 sentabr kuni Tesla tomonidan Battery Day («Akkumulyatorlar kuni») deb nomlangan tadbirni kutayotgani sababli o‘smoqda. Tadbirda Tesla o‘zining eng zamonaviy ishlanmalari va texnologiyalarini namoyish qilishi kutilmoqda. Mask ushbu tadbirga qiziqishni kuchaytirdi: xususan, 11 sentabr kuni u Twitter’da 22 sentyabrda «juda hayajonli narsalar» taqdim etilishi haqida yozdi. 

Morgan Stanley tahlilchisi Adam Jonasning ta'kidlashicha, «million millik batareyalar» kabi innovatsiyalar yoki akkumulyatorlar ishlab chiqarish hajmining keskin o‘sishi Tesla uchun katta o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin. Wedbush tahlilchisi Deniyel Ayvsning taxminicha, Tesla ishlab chiqarish xarajatlarini kilovatt-soatiga 100 dollardan pastroq ko‘rsatkichga tushirishi, shu sababdan yana ko‘proq foydaga ega bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, Ayvs Xitoyda avtoulovlarning yaxshi sotuviga e'tibor qaratdi va ushbu bozor 2022 yil boshiga qadar Tesla savdolarida 40 foizga yetishi mumkin deb taxmin qildi, deb yozadi Forbes USA. 

Hafta natijalariga ko‘ra, Maskning boyligi 92,4 milliard dollarga yetdi, deyiladi real vaqtda rejimida yangilanuvchi Forbes Real-Time reytingi. Mask ro‘yxatda beshinchi o‘rinni egallab turibdi, ammo to‘rtinchi pog‘onaga atigi 0,5 milliard dollar yetmayapti - Facebook rahbari Mark Tsukerberg 92,9 milliard dollarga ega. Ikkalasining ham boyligi 100 milliard dollardan oshgandi, ammo so‘nggi haftalarda ular yana ushbu ko‘rsatkichdan pastga tushdi. 

Oracle asoschilaridan biri Larri Ellisonning boyligi hafta oxirida 4 milliard dollarga ko‘paygan. Hozirda Oracle AQShda TikTok videoservis biznesi uchun asosiy da'vogar hisoblanadi. TikTok Xitoyning ByteDance kompaniyasiga tegishli bo‘lib, AQSh prezidenti Donald Tramp ma'muriyati buni amerikaliklarning shaxsiy ma'lumotlariga tahdid sifatida ko‘rib, ma'lumotlar Xitoy davlat organlariga taqdim etilishidan xavfsiramoqda.

Yaponiyaning SoftBank investitsiya kompaniyasi rahbari Masayoshi Sonning kapitali 3,4 milliard dollarga o‘sdi. U 13 sentabr kuni Britaniyaning protsessor ishlab chiqaruvchi Arm kompaniyasini Amerikaning Nvidia kompaniyasiga 40 milliard dollarga sotishini e'lon qildi. 

Umuman olganda, bir hafta ichida kapital o‘sishi eng yuqori ko‘rsatkichga ega bo‘lgan o‘n nafar milliarder orasida uch amerikalik, to‘rt xitoylik, shuningdek, Ispaniya (Zara asoschilaridan biri, +3,4 mlrd dollar), Yaponiya va Singapurdan bir nafardan vakil bor. 

Mavzuga oid
Top