08:32 / 19.09.2020
13557

Jizzaxda avtomobil ichida qoldirilgan bolalar kuyish jarohatlari oldi

Bolalar respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizildi.

Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani "Yakkaqayrag‘och" mahalla fuqarolar yig‘inida istiqomat qiluvchi, 1992 yil tug‘ilgan F.D. akasining bir nafar, o‘zining esa ikki nafar farzandini “Matiz” ichida qoldirib, yashash joyiga kirib ketgan.

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, F.D uyda bo‘lgan vaqtda avtoulov ichida yong‘in yuzaga kelgan. Salonda bo‘lgan, 2018 yilda tug‘ilgan Sh.Sh.ning tanasi 100 foiz 2- va 3-darajali termik kuygan.

Shuningdek, 2017 yilda tug‘ilgan M.Sh. tanasining 60 foizi 1-, 2- va 3-darajali kuygan. Bolaning yuqori nafas yo‘llari 2-darajali kuygan. 2019 yilda tug‘ilgan Sh.M.ning  yuzi, ikki qo‘li 2-, 3- “A” va “B” darajali, yuqori nafas yo‘llarining esa 14-16 foizi kuygan. 

Jabrlanuvchilar respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Jizzax filialining jonlantirish bo‘limiga yotqizildi.

Holat yuzasidan surishtiruv olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top