17:36 / 21.09.2020
4613

«O‘zmilliybank»: yangilangan filial va yangi imkoniyatlar

Mamlakatimiz mustaqilligining 29 yilligi hamda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi iqtisodiy faoliyat milliy banki Aksiyadorlik jamiyatining tashkil topganiga 29 yil to‘lishi munosabati bilan kuni kecha, «O‘zmilliybank» Toshkent viloyati filiali Yangiyo‘l filialining ma'muriy binosi ta'mirdan chiqarilib foydalanishga topshirildi. 

«O‘zmilliybank» Yangiyo‘l filiali 1998 yil  3 iyulda tashkil topgan bo‘lib, shu kunga qadar Toshkent viloyatining Yangiyo‘l shahar hududida faoliyat yuritib kelgan. Mazkur filial Toshkent viloyatining 5 ta tumanlariga (Quyi Chirchiq, Chinoz, Zangiota, Toshkent va Yangiyo‘l) xizmat ko‘rsatib kelayotgan bo‘lsa, Zangiota tumanida esa 1 ta minibank aholiga sifatli bank xizmatlarini taqdim etmoqda.

Mazkur filial tomonidan ajratilgan mablag‘lar hisobidan Chinoz tumanida fermer xo‘jaligi qoshida har birida ming boshdan ortiq naslli qoramol boquvchi chorvachilik fermalari, Yangiyo‘l tumanida yirik sig‘imli zamonaviy muzlatgichlar, savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish markazlari, umumiy ovqatlanish maskanlari tashkil topdi. Umumiy ma'noda oxirgi uch yilda tumanda 20 dan oshiq yirik ishlab chiqarish loyihalari moliyalashtirildi.

Bank filiali loyihalarni moliyalashtirishda faqatgina Yangiyo‘l tumani bilan cheklanib qolmay qo‘shni tumanlar, ya'ni Quyi Chirchiq tumanida ishlab chiqarish korxonasi, Zangiota tumanida chorvachilik xo‘jaligi, Chinoz tumanida esa savdo va maishiy xizmat ko‘rsatish loyihalarini moliyalashtirilgan.

«O‘zmilliybank» Toshkent viloyati filiali Yangiyo‘l filiali tomonidan moliyalashtirilgan loyihalar natijasida tumanda 1500 dan ortiq fuqaro bandligi ta'minlangan.  

Filialda jami 1500 ta mijozlarga xizmat ko‘rsatiladi. Shundan 800 ta jismoniy shaxslar va 700 ta yuridik shaxslar. Jismoniy shaxslarning jami depozitlari 70 035,00 mlrd so‘mni tashkil etadi. To‘lov plastik kartochkalaridan foydalanishda qulayliklar yaratish maqsadida bank binosida 2 ta bankomat, 1 ta infokioska, 294 ta savdo terminallar dislokatsiya qilingan.

Bundan tashqari, aholiga valuta amaliyotlarida qulayliklar yaratish maqsadida Yangiyo‘l shahar hududida 1 ta valuta ayirboshlash shoxobchasi va 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatuvchi 3 ta avtomatlashtirilgan valuta ayirboshlash shoxobchasi hamda Chinoz tumani Yallama bojxona postida 24/7 rejimda xizmat ko‘rsatuvchi valuta ayirboshlash shoxobchasi shahar va tuman fuqarolariga hamda tashrif buyurgan mehmonlarga xizmat ko‘rsatmoqda.

Bankning filialida zamonaviy innovatsion bank xizmatlari ko‘rsatilishiga alohida ahamiyat qaratilgan. Bank mijozlarining 70 foizi masofadan boshqariladigan bank xizmatlaridan foydalanmoqdalar. Bunda hisobraqamlarda bank aylanmalarini amalga oshirish, xalqaro va milliy plastik kartochkalarda har qanday bank amaliyotlari hamda to‘lovlarni amalga oshirish, xorijiy valutalarda konversion amaliyotlar, pul o‘tkazmalari va shu kabi ko‘plab bank xizmatlaridan masofadan foydalanish mumkin.

«O‘zmilliybank» AJ Matbuot xizmati

Top