14:29 / 22.09.2020
7446

Afg‘oniston: «Tolibon» bilan muzokaralar vaqtidagi to‘qnashuvlarda 57 nafar harbiy halok bo‘ldi

21 sentabr kuni Afg‘oniston hukumati va «Tolibon» harakati vakillari Qatar poytaxti Dohada tinchlik muzokaralarini boshlaganidan beri eng qonli to‘qnashuvlar sodir bo‘ldi. Afg‘oniston bo‘ylab «Tolibon» jangarilari bilan bo‘lib o‘tgan to‘qnashuv natijasida Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining kamida 57 nafar xodimi halok bo‘ldi va o‘nlab kishilar yaralandi.

Mohammad Ismail/Reuters

«20 sentabr kuni kechqurun to‘qnashuvlar markaziy Uruzgon viloyatida bo‘lib o‘tdi. U yerda «Tolibon» jangarilari xavfsizlik punktlariga hujum qilishlari natijasida Afg‘oniston xavfsizlik kuchlarining 24 a'zosi o‘ldirildi», deb xabar berdi viloyat gubernatori o‘rinbosari Sayid Muhammad Sadod.

Reuters agentligi xabar qilishicha, Bog‘lon, Taxar, Hilmand, Kapisa, Balx, Maydon Vardak va Qunduz viloyatlarida ham qurbonlarga sabab bo‘lgan to‘qnashuvlar bo‘lib o‘tgani haqida xabar berilgan.

Balx viloyati hokimi matbuot kotibi Monir Ahmad Farhodning so‘zlariga ko‘ra, «Tolibon» Balxda Afg‘oniston razvedka xizmatining uch a'zosini garovga olgan.

«Tolibon» o‘z tomonidagi yo‘qotishlarni tasdiqlamadi, ammo Pomir harbiy korpusi vakilining so‘zlariga ko‘ra, Qunduz, Taxar va Bag‘lon viloyatlaridagi to‘qnashuvlarda 54 jangari o‘ldirilgan.

Maydan Vardak viloyati hukumati vakili Muhibulloh Sharifzoyning aytishicha, u yerdagi to‘qnashuvlarda «Tolibon»ning 26 nafar a'zosi o‘ldirilgan.

Ichki ishlar vazirligi vakili Tariq Arianning aytishicha, so‘nggi ikki hafta ichida «Tolibon» hujumlari natijasida 98 nafar fuqaro halok bo‘lgan va 230 kishi jarohat olgan.

Shanba kuni «Tolibon»ning Qunduzdagi bazasiga aviahujumlar paytida kamida tinch aholi vakillaridan kamida 12 nafari halok bo‘lgan.

Mudofaa vazirligi rasmiylarining aytishicha, «Tolibon»ning 40 nafar jangchisi o‘ldirilgan, ammo ular tinch fuqarolar orasidagi qurbonlar sonini tasdiqlamagan.

Toliblar va Afg‘oniston hukumati vakillari Qatar poytaxti Dohada 12 sentabr muzokaralar boshlagandi, ammo hozirgacha katta yutuqlarga erishilmadi, xususan, o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuv tuzilmadi.

Top