16:41 / 22.09.2020
18200

Aziz Abduhakimov xalqaro avtomobilsiz kunda ishga velosipedda keldi. Cog‘lom turmush tarziga doir qaror chiqishi kutilmoqda

Bugun, 22 sentabr – jahon miqyosida avtomobilsiz kun sifatida nishonlanmoqda. Har yili shu kuni dunyoning ko‘plab yirik shaharlarida piyoda va velosipedda harakatlanishga targ‘ib qiluvchi aksiyalar tashkil etiladi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov ham 22 sentabr – xalqaro avtomobilsiz kun munosabati bilan shu kuni ishga velosipedda bordi. U avvalroq barcha o‘zbekistonliklarni ushbu aksiyada faol qatnashishga chaqirgan edi.

«Bugun ishga odatdagidan vaqtliroq yo‘lga chiqib, velosipedda bordim. Bu kishi kayfiyatiga katta ijobiy ta'sir qiladi», – dedi Abduhakimov Kun.uz muxbiri bilan suhbatda.

Bosh vazir o‘rinbosari suhbat davomida O‘zbekistonda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish yangi darajaga chiqishi haqida aytib o‘tdi.

O‘zbekistonning ko‘plab shaharlarida velosiped yo‘laklari quriladi

«Albatta, bitta kamchilik yaqqol ko‘rinyapti: shahrimizning ko‘p joylarida hali velosiped yo‘laklari yo‘q. Ayni paytda maxsus ishchi guruh bu masalani ham qamrab olgan qaror loyihasini tayyorlayapti.

Unga asosan, nafaqat Toshkent shahrida, balki butun respublikamizdagi yirik aholi punktlarida velosiped yo‘laklari, piyoda yurish va yugurish marshrutlari tashkil etiladi. Bundan tashqari, stritboll (ko‘cha basketboli), street workout (mashg‘ulot maydonlari), mini futbol, badminton kabilarni butun respublikamiz bo‘yicha ommalashtirish, kerakli infrastrukturani yaratish choralari ko‘riladi», – dedi O‘zbekiston badminton federatsiyasi raisi Aziz Abduhakimov.

Ommaviy sport davlat siyosati darajasiga ko‘tariladi

Ma'lum bo‘lishicha, hozirda Vazirlar Mahkamasida bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov rahbarligida ishchi guruh tashkil etilib, O‘zbekistonda ommaviy sport va sog‘lom hayot tarzi targ‘ibotini kuchaytirish, bu yo‘nalishni davlat siyosati darajasiga olib chiqish borasida ishlar olib borilmoqda.

«Sog‘lom turmush tarzi O‘zbekistonda har bir fuqaroning kundalik hayotidan o‘rin olishi bo‘yicha dastur ishlab chiqilmoqda. Yaqin orada tegishli qaror loyihasi muhokama uchun e'lon qilinadi. Bu borada keng jamoatchilikdan takliflar berishini so‘rab qolardik.

Hozirgi kunda ishchi guruh har kuni ish olib boryapti, qaror loyihasi qator vazirliklar va ekspertlar ishtirokida ishlab chiqildi», – dedi Aziz Abduhakimov.

Aholini sog‘lom ovqatlanishga chaqirish bo‘yicha faol targ‘ibot olib boriladi

Hukumat a'zosining so‘zlariga ko‘ra, sog‘lom ovqatlanish masalasiga oid yana bir alohida qaror loyihasi ishlab chiqilyapti.

«Aholimiz orasida me'yoridan ortiq va betartib ovqatlanish odati keng yoyilgan. Afsuski, bu o‘z urf-odatlarimiz va milliy taomlarimiz bilan ham bog‘liq», – dedi Abduhakimov.

Milliy sport turlariga e'tibor kuchaytiriladi

Bosh vazir o‘rinbosarining aytishicha, qabul qilinishi kutilayotgan qarorda ommaviy sportni targ‘ib qilish bo‘yicha ham ko‘plab vazifalar belgilab beriladi.

«Jahon etnosport konfederatsiyasi (WEC) bor. Yaqinda YuNeSKOdagi elchimiz Umid Shodiyevga vakolat bergandik, u tashkilotda ma'ruza bilan chiqish qildi va uning tashabbuslari ijobiy qabul qilindi. Natijada YuNeSKO Xalqaro etnosport konfederatsiyasini o‘zining rasmiy hamkori sifatida e'tirof etdi.

Bu konfederatsiyaning O‘zbekistondagi ofisini tashkil etish bo‘yicha ishlar boshlangan. O‘tgan yili «UzReport» agentligi bosh direktori WEC kengashining raisi etib tayinlandi.

YuNeSKO bilan ham muntazam muloqotda bo‘lib turibmiz. Ular bilan hamkorlikda viloyatlarga ekspeditsiyalar tashkil qilinib, an'anaviy va yo‘qolib ketayotgan mahalliy sport turlarini o‘rganish, ularni rasmiylashtirish, o‘yin qoidalarini ishlab chiqish va tasdiqlash, bu o‘yinlar haqida videoqo‘llanmalar yaratishni rejalashtiryapmiz.

Bu bilan aholimizni, ayniqsa yoshlarimizni ommaviy sportga, xususan etnosportga keng jalb etmoqchimiz.

Prezidentimiz maqom va baxshichilik san'atlarini tiklab berdilar. Shuning mantiqiy davomi sifatida, keyingi bosqichda etnosportga katta e'tibor beriladi. Bu nafaqat kurash yoki tosh ko‘tarishdangina iborat emas, an'anaviy sportning ko‘plab turlari bor. Ularni viloyatlarga chiqib o‘rganish, tizimlashtirishimiz lozim; aks holda, afsuski, ular yo‘qolib ketyapti. Oddiy misol, dorbozlikni ham etnosport deyish mumkin», – dedi Aziz Abduhakimov.

Top