12:34 / 22.09.2020
10547

XTV ta'lim muassasalari xodimlariga haq to‘lash bo‘yicha yuzaga kelgan tushunmovchiliklar haqida bayonot berdi

Xalq ta'limi vazirligi vazirlik tizimidagi ta'lim muassasalari xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha yuzaga kelayotgan tushunmovchiliklar yuzasidan bayonot berdi.

Koronavirus pandemiyasi sharoitida yangi o‘quv yili boshlanishi bilan xalq ta'limi sohasida faoliyat olib borayotgan xodimlar mehnatiga haq to‘lashda turli yondashuvlar va tushunmovchiliklar vujudga kelmoqda.

Qayd etilishicha, joriy yilda Xalq ta'limi vazirligi va Moliya vazirligi tomonidan tasdiqlangan qo‘shma xat orqali ayni vaqtda xodimlar mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha muammoga aylanib borayotgan tushunmovchiliklarga aniq yechim berildi.

«Jumladan, ish haqi to‘lovlarini amalga oshirishda quyidagi holatlar va tushunmovchiliklarga alohida e'tibor qaratish lozim:

koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan vaqtinchalik mehnatga layoqatsiz o‘qituvchilarning dars soatlari tegishli mutaxassisligi bo‘yicha boshqa o‘qituvchilarga vaqtinchalik yuklatiladi va ularga soatbay ish haqi to‘lovlari amalga oshiriladi;

vaqtinchalik o‘tilmasligi tavsiya etilgan ayrim fanlar, shu jumladan jismoniy tarbiya, chaqiriqqa qadar boshlang‘ich harbiy tayyorgarlik, musiqa madaniyati, tasviriy san'at va chizmachilik, texnologiya va tarbiya fanlaridan o‘qituvchilarga asosiy ish joyidan oylik to‘liq to‘lanadi;

bunda faqatgina o‘rindosh sifatida mehnatga soatbay haq to‘lash asosida ishlovchi o‘qituvchilarga mazkur fanlarni o‘tilishiga ruxsat berilgunga qadar ish haqi to‘lovlari amalga oshirilmaydi;

Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 15 martidagi 140-son qarori bilan tasdiqlangan Nizomda belgilangan ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladigan ayrim fanlar bo‘yicha o‘qituvchilarga ajratilgan dars soatlari 2020-2021 o‘quv yili uchun shakllantiriladigan tarifikatsiya ro‘yxatiga kiritiladi va ushbu soatlarga ish haqi to‘lovlari amalga oshiriladi;

«Barkamol avlod» bolalar maktablarining to‘garak rahbarlari tomonidan to‘garak mashg‘ulotlari amalda o‘tkazilgan hamda ushbu mashg‘ulotlarda qatnashgan o‘quvchilar tomonidan badal to‘lovlari haqiqatda amalga oshirilganda, ya'ni ushbu to‘lovlarni tasdiqlovchi hujjatlari bo‘lgan taqdirda, to‘garak rahbarlariga belgilangan to‘lovlar amalga oshiriladi», - deyiladi bayonotda.

Ta'kidlanishicha, ota-onalar badali to‘lovidan ozod etilgan o‘quvchilar bilan ishlovchi to‘garak rahbarlariga ish haqi to‘lovlari hech qanday shartlarsiz to‘lanadi.

Alohida qayd etilishicha, vazirlik tomonidan xalq ta'limi xodimlari mehnatiga haq to‘lash bo‘yicha vujudga kelayotgan muammolarni bartaraf etish, ularni kelgusida takrorlanishini oldini olishga qaratilgan sa'y-harakatlar xodimlar mehnatiga haq to‘lashning aniq yo‘nalishini belgilashga xizmat qiladi.

Top