17:18 / 23.09.2020
10104

G‘olibsher Ziyoyev «O‘zkomnazorat»ga rahbar etib tayinlandi

G‘olibsher Ziyoyev bungacha O‘zbekiston bosh vazirining Tadbirkorlik murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyatining mudiri sifatida ishlab kelayotgandi. 

2020 yil 23 sentabr kuni “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasida O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri maslahatchisi — IT texnologiyalar, telekommunikatsiyalar va innovatsion faoliyatni rivojlantirish masalalari departamenti boshlig‘i Olimjon Umarov rahbarligida inspeksiya markaziy apparati hamda hududiy inspeksiyalar vakillari ishtirokida videokonferensaloqa shaklida yig‘ilish o‘tkazildi

Olimjon Umarov yig‘ilish ishtirokchilariga hukumatning 2020 yil 21 sentyabrdagi 570-son qarori bilan “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi rahbarligiga tayinlangan G‘olibsher Ziyoyevni tanishtirdi. 

“O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasi rahbari G‘olibsher Ziyoyev

Shuningdek, O‘zbekiston bosh vazirining maslahatchisi o‘z nutqida Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yilida amalga oshirilayotgan loyihalar ijrosini nazorat qilishda inspeksiyaning tutgan o‘rni, qilinishi lozim bo‘lgan ishlar, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, telekommunikatsiya bozori ishtirokchilari bilan munosabatlarning muhim jihatlariga to‘xtalib o‘tdi. 

Yig‘ilishda raqamli texnologiyalarni sohalarga joriy qilish, “Elektron hukumat” loyihalari, hududlarda AKTni rivojlantirish borasida yechimini kutayotgan muammolar tahlilida “O‘zkomnazorat” davlat inspeksiyasining o‘rni katta ekani ta'kidlandi, deyiladi inspeksiya xabarida.

Eslatib o‘tamiz, G‘olibsher Ziyoyev bungacha O‘zbekiston bosh vazirining Tadbirkorlik murojaatlarini ko‘rib chiqish qabulxonalari faoliyatini tashkil etish va muvofiqlashtirish kotibiyatining mudiri sifatida ishlab kelayotgandi

G‘. Ziyoyev o‘z vaqtida O‘zbekiston Milliy teleradiokompaniyasi raisining birinchi o‘rinbosari bo‘lib ishlagan. 

Avvalroq, Axborotlashtirish va telekommunikatsiyalar sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasining boshlig‘i sifatida ishlab kelgan Asad Xo‘jayev prezident administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligiga direktor etib tayinlangandi.

Top