19:17 / 23.09.2020
9265

Shavkat Mirziyoyev BMTning Orolbo‘yidagi vaziyat bo‘yicha maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishga chaqirdi

O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi davomida global iqlim o‘zgarishlari va Orolbo‘yi hududidagi vaziyatga to‘xtalib o‘tdi.

«Davrimizning o‘tkir muammolaridan yana biri – global iqlim o‘zgarishlaridir. Bugungi kunda har bir mamlakat bu jarayonning salbiy ta'sirini his etmoqda. Ming afsuski, bunday o‘zgarishlar Markaziy Osiyo taraqqiyotiga ham katta xavf tug‘dirmoqda.

E'tiboringizni yana bir bor Orol dengizi qurishining halokatli oqibatlariga qaratmoqchiman. Orolbo‘yi hududi ekologik fojianing markaziga aylandi. Biz mavjud ahvolni yaxshilash uchun bu yerda ikki million gektar yangi o‘simlik maydonlari va daraxtzorlar yaratish, tuproq qatlamini shakllantirish bo‘yicha ulkan ishlarni amalga oshirmoqdamiz.

Mamlakatimiz tashabbusi bilan Orolbo‘yi mintaqasi uchun Birlashgan Millatlar Tashkilotining inson xavfsizligi bo‘yicha ko‘p tomonlama sheriklik trast fondi tuzildi. Umid qilamizki, ushbu fond og‘ir ekologik hududda yashayotgan aholiga amaliy yordam ko‘rsatish uchun xalqaro hamjamiyatning tayanch platformasi bo‘lib xizmat qiladi.

Biz Orolbo‘yi mintaqasini ekologik innovatsiya va texnologiyalar hududi, deb e'lon qilish haqida Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining maxsus rezolyutsiyasini qabul qilishni taklif etamiz. Ushbu muhim hujjat tasdiqlangan sanani esa Xalqaro ekologik tizimlarni himoya qilish va tiklash kuni sifatida nishonlash maqsadga muvofiq bo‘lardi», dedi Shavkat Mirziyoyev.

Prezident so‘zining yakunida jahonning turli nuqtalarida notinchlik saqlanib qolayotgani, ziddiyat va zo‘ravonliklar ortib borayotgani, ekologik ofatlar va boshqa zamonaviy xatarlar qashshoqlik va kambag‘allikning global muammolarini kuchaytirayotganiga e'tibor qaratib, bu muammolar ayniqsa pandemiya sharoitida keskin tus olayotganini, tobora tashvishli ohang kasb etayotgan qashshoqlikning ovozi butun dunyo hamjamiyatini, barchani bezovta qilishi zarurligini ta'kidladi.

«Shu munosabat bilan qashshoqlikni tugatish va kambag‘allikka qarshi kurashishni Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasi navbatdagi sessiyasining asosiy mavzularidan biri sifatida belgilash hamda ushbu masalalarga bag‘ishlangan global sammitni o‘tkazishni taklif etamiz.

Qadrli do‘stlar! Barchamizga ravshanki, pandemiyadan keyingi dunyoning ijtimoiy-iqtisodiy manzarasi butunlay boshqacha tus oladi.

Biz xavfsizlik va barqaror taraqqiyot yo‘lidagi umumiy xatarlarga qarshi yangicha yondashuvlar asosida va yaqin hamkorlikda ishlashimiz zarur.

Birlashgan Millatlar Tashkilotining muvofiqlashtiruvchi xalqaro tuzilma sifatidagi markaziy o‘rnini yanada kuchaytirish lozim.

O‘zbekiston jahonning barcha mamlakatlari bilan keng ko‘lamli va o‘zaro manfaatli sheriklikni, Birlashgan Millatlar Tashkiloti va uning institutlari bilan amaliy muloqotni rivojlantirish uchun doimo tayyor. E'tiboringiz uchun rahmat», dedi O‘zbekiston rahbari.

 

Top