10:10 / 23.09.2020
15949

Uchquduqda yuz bergan YTH oqibatida ikki kishi vafot etdi

YTH yuzasidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 22 sentabr kuni soat 18:30larda, Navoiy viloyati Uchquduq tumani hududidan o‘tuvchi A-379 avtomobil yo‘lining 281-282 kilometrlari oralig‘ida yo‘l-transport hodisasi sodir bo‘ldi.

O‘zbekiston Respublikasi IIV YHXBB axborot xizmati xabariga ko‘ra, “Uchquduq-Zarafshon” yo‘nalishida, haydovchi, 1997 yilda tug‘ilgan N.D. xavfsizlik kamarini taqmasdan “Lasetti” rusumli avtomobilni boshqarayotib, yo‘lning xavfli burilish joyida qarama-qarshi bo‘lakka o‘tib ketib, qarshisidan kelayotgan haydovchi, xavfsizlik kamarini taqmagan, 1997 yilda tug‘ilgan J.J. boshqaruvidagi “Neksiya” rusumli avtomobil bilan to‘qnashgan.

Natijada, “Neksiya” rusumli avtomobil yo‘lovchilari, 57 yoshli R.D. voqea joyida va 24 yoshli S.M. shifoxonaga olib ketilayotgan vaqtda vafot etishgan. Ushbu avtomobil haydovchisi, 23 yoshli J.J. tan jarohati olib shifoxonaga yotqizilgan.

Mazkur YTH yuzasidan Uchquduq tumani IIB huzuridagi TB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandi (odamlar o‘limiga olib kelgan transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Barcha haydovchilardan yo‘lning xavfli burilish joylarida yo‘l belgilariga amal qilishlarini, tezlik me'yorini oshirmasdan harakatlanishlarini so‘rab qolamiz”, - deyiladi ma'lumotda. 

Top