07:59 / 24.09.2020
7596

«Barselona» Luis Suares «Atletiko»ga o‘tganini ma'lum qildi

«Barselona» 33 yoshli urugvaylik hujumchi Luis Suares «Atletiko»ga o‘tgani haqida e'lon qildi. Bu haqda Kataloniya klubining rasmiy saytida xabar berilgan. 

«Atletiko» «Barselona»ga urugvaylik uchun 6 million yevroni turli bonuslar shaklida to‘laydi

«Barselona» Luis Suaresga sadoqati uchun samimiy minnatdorchilik bildiradi va unga eng yaxshi tilaklarni tilaydi», - deyiladi ko‘k-anorranglilarning xabarnomasida.

«Luis Suaresga o‘tgan 6 yil uchun rahmat!» - deyilgan «Barselona» matbuot xizmatining «Tvitter»dagi xabarida

24 sentabr, payshanba kuni futbolchi uchun xayrlashuv marosimi, so‘ngra masofadan turib matbuot anjumani o‘tkaziladi.

Suares «Barselona» tarkibida 2014 yildan beri to‘p surib kelayotgandi. O‘tgan mavsumda 33 yoshli forvard barcha klub musobaqalarida 36ta o‘yin o‘tkazdi, 21ta gol urdi va 10ta golli uzatmani amalga oshirdi. 2007 yildan buyon Luis Urugvay terma jamoasiga chaqirilmoqda. Futbolchining Kataloniya klubi bilan shartnomasi 2021 yilning yoziga qadar mo‘ljallangan edi.

Lionel Messi - Luis Suares - Neymar triosi «Barselona» safidagi o‘yinlari davomida juda yaxshi natijalarga erishdi. Bu haqda Squawka Football «Tvitter»ida xabar berildi.

Futbolchilar barcha musobaqalarda 364ta gol urishga muvaffaq bo‘ldi. Argentinalik forvard ushbu futbolchilar orasida eng yaxshi ko‘rsatkichni qayd etdi - 2014-2017 yillar oralig‘idagi uch mavsumda 153ta gol va 66ta golli uzatma. Undan keyingi o‘rinda 121ta gol va 59ta golli uzatma bilan Luis Suares bormoqda. Kuchli uchlikni Neymar yopib bergan (90ta gol va 48ta golli pas).

«Barcelona» tarkibida Luis Suarez Ispaniya chempionati va kubogining 4 karra g‘olibi, Chempionlar Ligasi, UYeFA Superkubogi va klublar o‘rtasidagi jahon chempionati g‘olibi, shuningdek Ispaniya Superkubogining 2 karra sohibi bo‘ldi. Shaxsiy mukofotlar orasida - «Barselona» bilan u 2016 yilda «Oltin butsa» egasiga aylandi, 2015/2016 yilgi mavsumda Ispaniya chempionatining eng yaxshi to‘purari va ko‘k-anorranglilarning 3 marotaba eng yaxshi to‘purari bo‘ldi. 

Top