08:50 / 24.09.2020
11372

Jizzaxda bosqinchilar ushlandi, ular orasida jabrlanuvchining kuyovi ham bo‘lgan

Ayni vaqtda ayblanuvchilar hibsga olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Joriy yilning 12 sentyabrga o‘tar kechasi soat 3:30larda Jizzax shahri Xalqobod mahallasida yashovchi, 1972 yilda tug‘ilgan uy bekasi F.M.ning turar joyida bosqinchilik ro‘y berdi

Jizzax viloyati IIB axborot xizmati xabariga ko‘ra, 3 nafar niqob taqqan yigit jabrlanuvchi yashaydigan uy devoridan oshib kirib, F.M. hamda uning 1998 hamda 2017 yillarda tug‘ilgan qizlarini pichoq bilan qo‘rqitgan va pul talab qilganlar. Bu jarayonda bosqinchilar jabrlanuvchilarni urib, yuz va tanalariga jarohat yetkazishgan.

Ular uydagi temir seyfni buzish yo‘li bilan ochib, 207 ming AQSh dollari, 3 dona tilla bilakuzuk, 5 dona tilla uzuk, 2 dona tilla zirak, 2 dona tilla zanjirni olib chiqib ketishgan. Umuman olganda, F.M.ga yetkazilgan zarar 267 ming AQSh dollarini tashkil qildi.     

Jabrlanuvchi bu to‘g‘rida ichki ishlar organlarini xabardor qilgach, tezkor surishtiruv harakatlari olib borildi. Jumladan, pul va tilla buyumlar borligidan xabardor kishilarning jinoyat ro‘y bergan vaqtda qayerda bo‘lganligi aniqlandi. Tilla taqinchoqlari sotilishi mumkin bo‘lgan joylarga e'tibor qaratildi. Hududdagi videokameralar tasvirlari o‘rganilib, muqaddam sudlanganlar, jinoyatga moyil shaxslar bilan suhbatlar o‘tkazildi.

Bu kabi sa'y-harakatlar natijasida jinoyatni Toshkent shahri Olmazor tumani Qoraqamish dahasida yashovchi, muqaddam sudlangan, 1993 yilda tug‘ilgan S.X., xuddi shu manzilda yashovchi, muqaddam sudlangan, 1994 yilda tug‘ilgan Sh.R., Toshkent shahri Sergeli tumani Quruvchilar dahasida yashovchi, 1996 yilda tug‘ilgan A.X., Toshkent viloyati Zangiota tumani Nazarbek QFYda yashovchi, 1995 yilda tug‘ilgan, muqaddam sudlangan A.A. hamda Toshkent viloyati Bo‘stonliq tumani Chorbog‘ qo‘rg‘onida yashovchi, muqaddam sudlangan 1995 yilda tug‘ilgan A.U. sodir etganliklari aniqlandi.

Turar joyda pul va taqinchoqlar saqlanayotganligini jinoiy guruh a'zosi, 1996 yilda tug‘ilgan A.X. yaxshi bilgan. Chunki u jabrlanuvchining 1998 yilda tug‘ilgan qizi bilan bir muddat shar'iy nikoh asosida yashagan.

Ayni vaqtda ayblanuvchilar hibsga olingan, tergov harakatlari olib borilmoqda.

Mavzuga oid
Top