00:36 / 26.09.2020
3620

Samarqand yarim marafonini o‘tkazish masalalari muhokama qilindi

O‘zbekiston Respublikasi bosh vaziri o‘rinbosari, turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov Samarkand Half Marathon - Samarqand yarim marafonining tashkiliy masalalariga bag‘ishlangan onlayn yig‘ilish o‘tkazdi.  

Yig‘ilish doirasida Samarqand yarim marafonini o‘tkazish bilan bog‘liq qator masalalar muhokama qilindi.

Aziz Abduhakimov bu yil yarim marafon virtual formatda o‘tishi, Samarqandda esa turli mamlakatlarning professional atletlari g‘oliblik uchun kurash olib borishini ta'kidladi.

Poyga to‘g‘ridan-to‘g‘ri efirda uzatiladi. Musobaqa viloyatlar o‘rtasida o‘tkazilib, ishtirokchilar o‘z hududi birinchi o‘rinni egallashi uchun eng katta masofani bosib o‘tishi kerak bo‘ladi.

Ilk marta yarim marafon ishtirokchilari uchun ikki qo‘shimcha format taqdim etiladi: Bolalar poygasi va Skandinaviyacha yurish.

Joriy yilda yarim marafonda bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimov, Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov, madaniyat vaziri Ozodbek Nazarbekov, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sevara Nazarxon, gimnastikachi, Olimpiya o‘yinlari sovrindori Oksana Chusovitina, bokschi, 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlarining kumush medal sovrindori Shahram G‘iyosov, futbolchi, O‘zbekiston terma jamoasi sardori Odil Ahmedov, og‘ir atletikachi, Osiyo va jahon chempioni, 2016 yilgi Olimpiya o‘yinlari g‘olibi Ruslan Nuriddinov, shuningdek bloger va UzA direktor o‘rinbosari Xushnudbek Xudoyberdiyev, bloger va Alter Ego kanali muallifi Kirill Altman va boshqalar qatnashadi.

Samarkand Half Marathon’ni o‘tkazishdan tushgan barcha mablag‘lar O‘zbekistondagi autizmdan aziyat chekuvchi bolalar internatlaridan birida badiiy studiya ochishga yo‘naltiriladi, xohlovchilar uchun esa ma'ruza va seminarlar ham o‘tkazish rejalashtirilgan.  

Samarkand Half Marathon – Madaniyat va san'at jamg‘armasi tomonidan Madaniyat vazirligi, Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi hamda Samarqand viloyati hokimligi ko‘magida tashkil qilinuvchi, har yili o‘tkaziluvchi xayriya poygasi.

Xayriya poygasiga 1 noyabr kuni start beriladi. Unda butun dunyo mamlakatlari fuqarolari ishtirok etishi mumkin.

Top