09:43 / 27.09.2020
5613

Shimoliy Koreya Janubdan dengiz chegaralarini buzmaslikni talab qildi

Shimoliy Koreya Seuldan janubiy koreyalik amaldor jasadini qidirishda dengiz chegaralarini buzishga yo‘l qo‘yib bo‘lmaslikdan ogohlantirdi. Janublik amaldor 21 sentyabrda bedarak yo‘qolgandi. Keyinroq Pxenyanda u dengiz hududini ruxsatsiz kesib o‘tgani, chegarachilarning ogohlantirishlariga javob bermagani, so‘ngra yashirinishga urinish vaqtida o‘ldirilgani ma'lum qilingan.

Foto: AP

Pxenyan Janubdan demarkatsiya chizig‘ini buzishni darhol to‘xtatishga chaqirgan, yo‘qsa bu keskinlikka olib kelishi mumkin. Shimol ma'lumotlariga ko‘ra, Janubiy Koreya amaldorni qidirish uchun ko‘plab, jumladan harbiy kemalarni safarbar etgan.         

Pxenyanda ta'kidlanishicha, Shimoliy Koreya janublik amaldor jasadini qidirish bo‘yicha o‘z qidiruv operatsiyasini tashkillashtirmoqchi va jasad aniqlangudek bo‘lsa, uni Janubga berish yo‘llarini ko‘rib chiqmoqda.

Avvalroq Janubiy Koreyaning dengiz va baliqchilik xo‘jaligi vazirligi xodimi Shimoliy Koreyaga qochmoqchi bo‘lgani, biroq bunga urinish vaqtida shimollik chegarachilar tomonidan o‘ldirilgani ma'lum bo‘lgandi. Janubiy Koreyada ushbu harakatlar qoralanib, “o‘ta shafqatsizlik” deb atalgan va Pxenyandan tushuntirish berish so‘ralgan. Keyinroq Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In amaldorning o‘ldirilishi uchun Janubiy Koreya xalqidan uzr so‘ragan. Uning ta'kidlashicha, chegarani buzgan janublik yashirinishga uringanda chegarachilar tomonidan otib o‘ldirilgan. Biroq avval ta'kidlangandek, janublik amaldorning jasadi emas, balki u bo‘lgan qayiq yoqib yuborilgan. Bu harakatlar mamlakatga koronavirusning kirishiga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida amalga oshirilgan.

Mavzuga oid
Top