13:46 / 28.09.2020
11071

IIV Covid-19 markaziga jalb etilgan tibbiyot xodimlarining shikoyati bo‘yicha munosabat bildirdi

Biroz avval Toshkent shahridagi gimnastika sport kompleksi hududida Ichki ishlar vazirligi tomonidan tashkil etilgan Covid-19 markaziga jalb etilgan tibbiyot xodimlarining davlat rahbari nomiga yo‘llagan shikoyati e'lon qilingandi.

Shikoyatda 116 nafar tibbiyot xodimlari mehnat haqi va shartlari bir taraflama o‘zgartirilayotganidan norozi bo‘lishgandi. IIV ushbu murojaatga nisbatan o‘z rasmiy munosabatini bildirdi.

«O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasining «Universal» sport majmuasida tashkil etilgan O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligining vaqtinchalik shifoxonasida mehnat faoliyati olib borgan hamda ayni vaqtda ishlab kelayotgan tibbiyot xodimlari tomonidan Kun.uz rasmiy sayti orqali yo‘llangan murojaat vazirlikning mas'ul xodimlari tomonidan o‘rganib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Koronavirus infeksiyasini yuqtirgan bemorlarga tibbiy yordam ko‘rsatish samaradorligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi 461-son qarori talablariga muvofiq, Ichki ishlar vazirligining Markaziy gospitali huzurida O‘zbekiston Gimnastika federatsiyasining «Universal» sport majmuasida 750 o‘ringa mo‘ljallangan vaqtinchalik shifoxona tashkil etilgan. Mazkur vaqtinchalik shifoxona Toshkent shahar Yunusobod tumani Xo‘ja ota tor ko‘chasi 2-A uyda joylashgan.

Mazkur vaqtinchalik shifoxonaga koronavirus infeksiyasi bilan kasallangan bemorlarni qabul qilish 2020 yil 2 avgust kunidan boshlanib, hozirga qadar o‘z faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Vaqtinchalik shifoxonada tibbiyot xodimlarining ish tartibi 3 smenada tashkil etilib, hozirgi kunda jami 427 nafar tibbiyot xodimlari - 138 nafar shifokor, 154 nafar hamshira, 128 nafar kichik tibbiy xodimlar hamda 7 nafar dezinfektor faoliyat olib bormoqda.

Shifoxonada xizmat qilayotgan tibbiyot xodimlari, Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti hamda O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan tayyorlangan «Covid-19 bilan kasallangan bemorlarni davolash bo‘yicha amaliy qo‘llanma»ga muvofiq davolash ishlari amalga oshirib kelmoqda.

Vaqtinchalik shifoxonaga shu kunga qadar 5942 nafar bemor murojaat etgan bo‘lib, shundan 1485 nafar bemorga tegishli tibbiy konsultatsiyalar berildi, 4457 nafar bemor shifoxonaga joylashtirilib, ulardan 3609 nafari sog‘ligi yaxshilangani sababli uylariga yuborildi, ayni vaqtda shifoxonada 690 nafar bemorga nisbatan davolash muolajalari olib borilmoqda.

Vaqtinchalik shifoxonada davolanayotgan bemorlar va mehnat faoliyatini olib borayotgan tibbiyot xodimlarini ovqatlantirish, laboratoriya va diagnostika xizmatlari o‘rnatilgan tartibda tuzilgan shartnomalar asosida autsorsing shaklida amalga oshirilmoqda.

Yashash manzili olisda bo‘lgan tibbiyot xodimlari bepul yotoq-joy hamda 3 mahal issiq ovqat bilan ta'minlanib kelinmoqda. 

Vaqtinchalik shifoxona faoliyatini samarali tashkil etish, shuningdek, bemorlarni hamda jalb qilingan mutaxassis va boshqa xodimlarni oziq-ovqat mahsulotlari, dori vositalari, niqob, dezinfeksiya vositalari va boshqa zaruriy anjomlar bilan ta'minlash xarajatlari O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi huzuridagi Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qoplanmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi prezidentining 2020 yil 26 martdagi PQ–4652-son qarorining 1-bandida tibbiyot xodimlariga maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari har 14 kunlik «vaxta» usulidagi faoliyat davri uchun to‘lanishi belgilangan.

O‘zbekiston Respublikasiga koronavirusning kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha respublika maxsus komissiyasi bayoniga ko‘ra, joriy yilning 20 avgust kunidan keyin tuzilgan mehnat shartnomalariga asosan mehnat faoliyatini olib borgan tibbiyot xodimlariga belgilangan maxsus qo‘shimcha rag‘batlantirish to‘lovlari har 30 kunlik ish davri yakuni bo‘yicha to‘lanishi qayd etilgan.

Mazkur bayon talablariga muvofiq, vaqtinchalik shifoxonaga tibbiyot xodimlarini jalb etish yuzasidan tuzilgan mehnat shartnomasida ko‘rsatilgan shartlar o‘zgargani sababli, jalb etilgan tibbiyot xodimlari e'tiboriga yangi tartibni yetkazish maqsadida vaqtinchalik shifoxona hududida 2020 yil 9 sentabr kuni shifoxonada xizmat qilayotgan barcha tibbiyot xodimlari ishtirokida yig‘ilish tashkil etildi.

Yig‘ilish davomida IIVning mas'ul xodimlari va vaqtinchalik shifoxonada tashkil etilgan shtab a'zolari tomonidan maxsus komissiyaning tegishli bayoniga muvofiq, ish tartibi «vaxta» usulidagi 14 kunlikdan 8 soatlik 3 smenadagi 30 kunlik ish tartibiga o‘tkazilishi hamda tibbiyot xodimlari uyiga borib-kelgan holda ishlashlari mumkinligi to‘g‘risida tushunchalar, shuningdek, yig‘ilishda ishtirok etgan tibbiyot xodimlarini qiziqtirgan savollariga mutaxassislar tomonidan javob berildi.

Mazkur tushuntirish ishlari olib borilishi davomida aksariyat tibbiyot xodimlari belgilangan tartibni to‘g‘ri qabul qilib, har bir xodim bilan qo‘shimcha kelishuv tuzgan holda ixtiyoriy ravishda mehnat faoliyatini davom ettirib kelmoqda.

Yig‘ilish yakunida 30 kunlik ish tartibida o‘zining ish faoliyatini davom ettirish istagini bildirmagan 4 nafar tibbiyot xodimlari shu kunning o‘zida mehnat shartnomasini bekor qilish to‘g‘risida ariza bilan murojaat qilishdi va ularga 20 avgust kunidan boshlab 30 kunlik ish tartibi bo‘yicha hisob-kitob qilinib, maxsus rag‘batlantirish to‘lovlari amalga oshirildi», deyiladi Ichki ishlar vazirligi e'lon qilgan rasmiy munosabatda.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top