15:29 / 29.09.2020
8088

Nizomiy nomidagi universitetdan sobiq xodimga 37,7 mln so‘m undirildi

37 700 000 so‘m pul mablag‘lari qarzdor OTMdan undirilib, fuqaroning hisob raqamiga o‘tkazib berilgan. Uchtepa tumanlararo sudining fuqaroni Toshkent davlat pedagogika universitetiga avvalgi egallab turgan kafedra mudiri lavozimiga yoki universitetdagi unga teng boshqa lavozimga ishga tiklash to‘g‘risida ajrim ham kelib tushgan. 

Foto: TDPU

Fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudining 2020 yil 20 avgustdagi ijro varaqasiga asosan, undiruvchi fuqaro Sh.Rahimovani Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universitetiga egallab turgan lavozimiga yoki unga teng boshqa lavozimga ishga tiklash va qarzdor Toshkent davlat pedagogika universitetidan undiruvchining foydasiga majburiy progul vaqti uchun 10 000 000 so‘m, ma'naviy zarar uchun 8 000 000 so‘m, vakil xarajatlari uchun 19 700 000 so‘m, jami 37 700 000 so‘m pul mablag‘lari undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlari 21 avgustda kelib tushgan. 

15 sentyabrda yuqoridagi jami 37 700 000 so‘m pul mablag‘lari qarzdor OTMdan undirilib, 16 sentabr kuni fuqaroning bank hisob raqamiga o‘tkazib berilgan. Bundan tashqari, 3 sentyabrda bo‘limga fuqarolik ishlari bo‘yicha Toshkent shahar Uchtepa tumanlararo sudning Sh.Rahimovani Toshkent davlat pedagogika universitetiga avvalgi egallab turgan kafedra mudiri lavozimiga yoki Toshkent davlat pedagogika universitetidagi unga teng boshqa lavozimga ishga tiklash to‘g‘risida ajrim kelib tushgan hamda qarzdor OTMga ushbu ajrimning ijrosini ta'minlashni so‘rab xat berilgan. 

Biroq, qarzdor OTM tomonidan ushbu ijro hujjatining ijrosi ta'minlanmagan. Shunga ko‘ra, 23 sentyabrda qarzdor OTM rahbariyatiga nisbatan ma'muriy jarima qo‘llash masalasini ko‘rib chiqish uchun Toshkent shahar Chilonzor tuman ma'muriy sudiga taqdimnoma kiritilgan. 

Hozirgi kunda MIB Chilonzor tuman bo‘limi tomonidan ijro hujjatining qolgan qismi bo‘yicha ijro harakatlari davom ettirilmoqda.

Top