09:37 / 29.09.2020
5402

Xorazm viloyatida mol-mulk solig‘i va yer solig‘i to‘lash bo‘yicha nisbatan yuqori ko‘rsatkich qayd etildi

Mol-mulk va yer solig‘i to‘lashning oxirgi muddati yaqinlashmoqda, deb yozadi Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati.

Qayd etilishicha, yangi tahriridagi Soliq kodeksida 2020 yildan boshlab soliq to‘lovchilarga qulaylik yaratish uchun ikki to‘lov sanasi belgilangan. Bu 423- va 440-moddalarda aks ettirilgan: “Soliq davri uchun soliqni to‘lash teng ulushlarda 15 aprelga va 15 oktyabrga qadar amalga oshiriladi”.

Shu bilan birga, koronavirus pandemiyasi davrida aholiga muhim imtiyozlar berildi. Prezidentning 2020 yil 19 martdagi PF-5969-sonli farmonining 5-bandiga muvofiq jismoniy shaxslarning mol-mulk solig‘i va yer solig‘ini to‘lash muddati 2020 yil 15 oktyabrgacha uzaytirildi.

Jismoniy shaxslar belgilangan muddatlarda hisoblangan soliqlarni to‘lamagan taqdirda, 16 oktyabrdan boshlab har bir kechiktirilgan kun uchun penya hisoblanadi.

Hududlar kesimida mol-mulk solig‘i va yer solig‘i to‘lash bo‘yicha nisbatan yuqori ko‘rsatkichlar:

Xorazm viloyati – 68,0 foiz
Navoiy viloyati – 59,1 foiz
Namangan viloyati – 57,7 foiz
Toshkent shahri – 57,3 foiz.

28 sentabr holatiga, aholi tomonidan jami 1,2 mlrd. so‘m soliq to‘landi. Shundan 460 mln. so‘mdan ziyodi mol-mulk solig‘i, 670 mln. so‘mdan ortig‘i yer solig‘i hisobiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ushbu soliq turlari bo‘yicha imtiyozlar nazarda tutilgan. Bu borada eng ko‘p imtiyozga ega bo‘lganlar Toshkent shahri, Toshkent viloyati, Andijon viloyati, Samarqand viloyatida qayd etilgan.

Top