16:09 / 02.10.2020
33421

Koronavirusning og‘ir turi bilan kasallanganlarda qanday asoratlar yuzaga kelishi mumkinligi haqida ma'lumot berildi

Koronavirus infeksiyasining og‘ir shakli bilan kasallanganlar organizmida tromboemboliya, tromboz, o‘pka arteriyasi tromboemboliyasi yoki o‘tkir koronar yetishmovchilik kabi poliorgan o‘zgarishlar yuzaga keladi. Bu haqda koronavirusga qarshi kurashish shtab a'zosi Barno Abdusamatova ma'lumot berdi.

«Shu sababli kasallikdan tuzalgandan keyin ba'zi bemorlarda o‘pka hayotiy sig‘imining 20-30 foizga kamayishi, shuningdek, alveolalar devorlarida biriktiruvchi to‘qima yuzaga kelishi tufayli kasallikdan so‘ng o‘pka fibrozi kuzatilishi mumkin. Bu esa harsillash, surunkali kislorod yetishmovchiligiga olib keladi.

Bundan tashqari, bu kasallik yurak-qon tomir tizimida, buyraklarda va asab tizimida ham patologik o‘zgarishlarni keltirib chiqarishi mumkin», dedi Barno Abdusamatova AOKAda o‘tkazilgan brifingda.

Shuningdek, koronavirusni oddiy shamollash yoki grippdan qanday farqlash mumkinligi haqida ham ma'lumot berildi.

«Koronavirus kasalligida ko‘p uchraydigan ayrim erta belgilar shamollash va gripp kasalligi belgilariga o‘xshaydi. Bular - tana harorati ko‘tarilishi, umumiy holsizlik, ishtahaning yo‘qolishi, mushaklardagi og‘riq, ta'm va hid sezmaslik.

Biroq koronavirus o‘rta og‘irlikda va og‘ir kechishida kasallikning 5-7 kuniga tana harorati 38-39 darajadan oshadi, nafas yetishmovchiligi, hansirash paydo bo‘ladi, oddiy shamollash va grippda esa 3-4 kundan keyin bemorning ahvoli yaxshilana boradi.

Bundan tashqari, koronavirus kasalligini aniq tashxislash uchun epidemiologik anamnez, PZR tekshiruvi javobi musbat bo‘lishi, kislorod saturatsiyasi 94 foizdan kamayishi, Ksida xarakterli o‘zgarishlar kuzatilishini inobatga olishimiz kerak», dedi shtab a'zosi.

Mavzu
Koronavirus O‘zbekistonda
15 mart kuni O‘zbekistonda koronavirusga chalingan ilk bemor aniqlandi.
Barchasi
Top